Bugungi kunda respublika boʻyicha jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun jami 86 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda 21,3 ming nafar, 22 ta sanatoriy turidagi maktab-internatlarda 6,1 ming nafar oʻquvchilar taʼlim-tarbiya oladi. Shuningdek, uzoq muddat davolanishga muhtoj boʻlgan 13,8 ming nafar oʻquvchilar uyda yakka tartibda oʻqitilmoqda. 5,9 mingdan ortiq umumiy oʻrta taʼlim maktablarida 64,6 ming nafarga yaqin oʻquvchilar inklyuziv taʼlim bilan qamrab olingan.
Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarni sogʻlom bolalar qatorida umumtaʼlim maktablarida oʻqitish amaliyotini rivojlantirish maqsadida ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan oʻquvchilarning umumtaʼlim maktablariga integratsiyalashuvi tajribasi qoʻllanilishi natijasida soʻnggi yillarda 500 nafarga yaqin alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oʻquvchilar umumiy oʻrta taʼlim maktablariga qaytarildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktyabrdagi PQ-4860-son qarori bilan 2020–2025-yillarda xalq taʼlimi tizimida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Konsepsiya doirasida:
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 51%da (umumiy soniga nisbatan) inklyuziv taʼlim tizimi joriy etiladi;
maxsus taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalarning (umumiy soniga nisbatan) 40% umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida inklyuziv taʼlim boʻyicha oʻqitiladi;
uyda taʼlim olish uchun alohida ehtiyojga ega bolalar soni (umumiy soniga nisbatan) 11 %gacha kamayadi.
Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar (keyingi oʻrinlarda ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasi) Vazirlar Mahkamasining 2011-yil
13-sentyabrdagi 256-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan faoliyat yuritadi.
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari ikki turda boʻladi:
1. Jismoniy nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan (kar, zaif eshituvchi, koʻzi ojiz, zaif koʻruvchi, tayanch-harakat aʼzolari shikastlangan, nutqida ogʻir nuqsoni boʻlgan bolalar uchun). Ushbu muassasalarda taʼlim olayotgan bolalar Davlat taʼlim standartlarini bajaradilar hamda muassasani tamomlagandan soʻng belgilangan namunadagi shaxodatnomani oladi.
2. Aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan (aqli zaif bolalar uchun). Ushbu muassasalarda taʼlim olayotgan bolalar Davlat taʼlim standartlarini bajaraolmaydilar, ular DTS asosida ishlab chiqilgan talablarni bajaradilar hamda muassasani tamomlagandan soʻng taʼlim olganligi toʻgʻrisida guvohnoma oladi.
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasiga jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan maktab yoshidagi, tayyorlov guruhlariga esa — ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim muassasalariga qatnamagan — maktabgacha yoshdagi bolalar qabul qilinadi.
Bolalarni ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga yuborish hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan, boshqarma huzurida tashkil etilgan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga koʻra, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan amalga oshiriladi.
Muassasalarga bolalar 7 yoshdan boshlab, tayyorlov guruhlariga esa 5 - 7 yoshdagilar qabul qilinadi.
Bolalarni ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga joylashtirishda quyidagi hujjatlar talab etiladi:
1) ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning arizasi;
2) psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosalarining ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasiga yoʻllangan bola bilan olib boriladigan taʼlim-tarbiyaviy va davolash-tuzatish boʻyicha tavsiyalari aks etgan bayoni;
3) tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
4) taʼlim olganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar;
5) oʻqish joyidan taʼlimning muddati, oʻquv fanlarini oʻzlashtirishi va xulq-atvori, bolaga yakka tartibda koʻmak berish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarning batafsil tahlili aks ettirilgan maʼlumotnoma va tavsifnoma;
6) bolaning yashash joyidagi shifoxona bosh vrachi tomonidan imzolangan, uning rivojlanishi tarixidan mufassal koʻchirma:
pediatrning bolaning umumiy rivojlanishi holati toʻgʻrisidagi xulosasi;
psixonevrologning tibbiy tashxisi va bolaning aqliy rivojlanishiga tavsifi;
otorinolaringologning quloq, tomoq, burun va talaffuz artikulyatsiyasida ishtirok etuvchi organlarning holatiga tavsifi (eshitishda nuqsoni boʻlgan bolalar uchun — soʻzlashuv nutq va shivirlab aytilgan soʻzlarni idrok etish holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlari, audiogramma maʼlumotlari);
oftalmologning koʻrish organiga tavsifi (koʻrishda nuqsoni boʻlgan bolalar uchun- batafsil tashxisi);
ortoped vrachning xulosasi (tayanch-harakatlanish apparatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun).
Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari DISLOKATSIYASI
Yuklab olish