Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimida ham aholini vazirlik va uning hududiy tuzilmalari, tizim tashkilotlari va muassasalari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari bilan tanishtirish, dolzarb muammolarni tezkor hal etish, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, korrupsiyaviy xatti-harakatlarni oʻz vaqtida aniqlash, ularga barham berish, oqibatlari, keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” e’lon qilingan edi.
Viloyat madaniyat markazida “Ta’lim – korrupsiyadan xoli soha” shiori ostida tashkil etilgan mazkur tadbirda vazirlikning Korrupsiyaga qarshi kurash va huquqiy-nazorat boshqarmasi boshlig'i Shaxobiddin Jo’raboyev, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillari ishtirok etdi.
Bir qator davlat xizmatlari elektron shaklda joriy etilgani, jumladan, bolani maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirish, 1-sinfga qabul qilish, pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish, litsenziyalash, apostil qoʻyish xizmatlari raqamlashtirilgan bo’lsada, lekin hali – xanuz ushbu yo’nalishlarda bir qator korrupsion holatlar mavjudligi tanqid ostiga olindi.
Oʻtgan vaqt davomida korrupsion jinoyatlarni sodir etgan ta’lim muassasalari misolida tahliliy axborotlar tinglanib, ilm dargohlarida korrupsiya va jinoyatchilikni oldini olish, davlat mulkini asrab-avaylash, sohada byudjet mablagʻlaridan toʻg’ri foydalanish, davlat xaridlari, ishga qabul qilish va boshqa yoʻnalishlarda korrupsiya holatlarga yoʻl qoʻymaslik, mansab vakolatini suiste’mol qilmaslik bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat va javobgarlikni kuchaytirish lozimligi aytib oʻtildi. Qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etmagan mas’ullarga nisbatan keskin ravishda javobgarlik masalasi belgilanganligi to'g'risida ogohlantirildi.
Yig’ilish soʻnggida korrupsion harakatlarning ayanchli oqibatlariga bag’ishlangan videorolik namoyish etilib, ishtirokchilarning fikr – mulohazalari tinglandi.
Majlisda tashkiliy masala koʻrilib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirinining tegishli buyrug’i asosida Abdullajon Usmonov viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat shoʻbasi boshlig’i lavozimiga tayinlandi.
Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati