Kuni kecha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida hududiy boshqarmalar, tizim tashkilotlari hamda muassasalarining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari mas’ul xodimlari uchun maxsus amaliy o‘quv-seminari tashkil etildi.
Unda Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vazifa va funksiyalari, Vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, xodimlar bilan tuziladigan mehnat shartnomalari, kontragentlar bilan tuziladigan shartnomalarga kiritiladigan korrupsiyaga qarshi qoidalar xususida ishtirokchilarga atroflicha ma’lumot berib o‘tildi.
Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish, xodimlarning etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitilishini tashkil qilish, korrupsiyaviy xatti-harakatlar to‘g‘risida kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish, hisobotni shakllantirish va taqdim etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yanada kengroq tushuntirib o‘tildi.
Tadbirda berilgan savollar asosida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, kontragentlarni tekshirish, korrupsiyaga qarshi tartib-taomillarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish, xodimlarning korrupsiyaviy xatti-xarakatlari va odob-ahloq qoidalarini buzish holatlari ustidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazish bo‘yicha ichki lokal hujjatlarning mazmun-mohiyati, shuningdek, «E-Anticor.uz» elektron platformasi, reyting baholash yo‘nalishlari va indikator ko‘rsatkichlari, savollar jadvali ustunlariga tegishli belgini kiritish, tasdiqlovchi hujjatlarni biriktirish tartib-taomillari aks etgan taqdimotlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari faoliyatiga asossiz aralashuviga, pedagog kadrlarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning o‘z xizmat vazifasiga taalluqli bo‘lmagan ishlarga majburlanishiga, ta’lim-tarbiya jarayoniga to‘sqinlik qilishning har qanday shakllariga, o‘qituvchi va o‘quvchilarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni ko‘rish mexanizmlari xususida atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi.