Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat taʼlim tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va taʼlim jarayonida yoshlar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 25-iyundagi PQ-5161-son qarori bilan nodavlat taʼlim tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bir qator mexanizmlar joriy etildi.
Jumladan, davlat umumtaʼlim muassasalari mulklari darsdan boʻsh vaqtlarda, shu jumladan, yozgi taʼtil vaqtida nodavlat taʼlim tashkilotlariga quyidagi maqsadlarda ijara berish yoʻlga qoʻyilmoqda:
maktabdan tashqari taʼlim kurslarini, shuningdek, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish uchun davlat umumtaʼlim muassasalari boʻsh maydonlarini;
aholining kompyuter savodxonligi boʻyicha kurslar tashkil etish uchun qishloq joylarda joylashgan davlat umumtaʼlim muassasalaridagi kompyuter sinflarini.
Xalq taʼlimi vazirligi faoliyat yuritayotgan nodavlat taʼlim tashkilotlarini oʻz faoliyatini kengaytirish hamda nodavlat taʼlim tashkiloti faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagidagi tadbirkorlik subyektlarini umumtaʼlim muassasalarining xonalarini darsdan boʻsh vaqtda hamda yozgi taʼtil vaqtida ijara asosida ushbu xonalardan foydalanish yuzasidan hamkorlikka chaqiradi.
Umumtaʼlim muassasalarining xonalarini nodavlat taʼlim tashkiloti faoliyati uchun ijaraga olish istagidagi tadbirkorlik subyektlari mazkur masalada bevosita Vazirlikning hududiy boʻlinmalariga murojaat qilishlari mumkinligini maʼlum qilamiz.
Shu bilan birga, davlat mulki obyektlarini ijaraga berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 8-apreldagi 102-son qarori hamda 2018-yil 16-iyundagi 454-son qaroriga muvofiq amalga oshirilishini eslatib oʻtamiz.