Заявления

.

“Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qoʻshma qaror loyihasi muhokama qilinmoqda

22 май 2024 год
image

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “2022-2026-yillarda Maktab taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida” PF-134-son Farmoniga binoan, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi oldiga har yili 1-avgustga qadar xalqaro va milliy sertifikatlar roʻyxatini tasdiqlash vazifasi yuklatilgan.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida 2023-yil 28-iyulda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining tegishli qoʻshma qarori qabul qilingan.

Mazkur qoʻshma qarorga koʻra, baʼzi xalqaro sertifikatlarning haqiqiyligini tasdiqlash imkoniyati mavjud boʻlmaganligi sababli, ushbu sertifikatlar 2023/2024-oʻquv yilidan boshlab xalqaro sertifikatlar roʻyxatidan chiqarilgan.

Hatto mazkur sertifikatlarning ayrimlari aksariyat xorijiy davlatlarda ham tan olinmagan boʻlib, talabgorning akademik til bilish darajasini baholamaydi.

Masalan, mamlakatimizda turk tili boʻyicha tan olingan “Aydın TÖMER” sertifikati Aydin xususiy universiteti tomonidan berilgan boʻlib, hatto Turkiyadagi davlat oʻquv yurtlarining aksariyati ushbu sertifikatni tan olmagan.

Hozirda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining “Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qoʻshma qaror loyihasi muhokamalar portaliga joylashtirildi.

Bunda, ingliz tili fanidan umumtaʼlim muassasalari pedagoglari uchun haqiqiyligini tekshirish imkoniyati mavjud boʻlgan, qalbakilashtirish imkoniyati mavjud boʻlmagan xavfsizlik tizimi yuqori boʻlgan xalqaro va milliy xorijiy til sertifikatlar qoldirildi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining “Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qoʻshma qaror loyihasida xorijiy sertifikatlar yuzasidan imtiyoz va ustamalar qoʻllashdan oldin ularni tegishli tashkilotlar tomonidan “Yagona elektron baza” (https://sertifikat.edu.uz elektron platformasi)dan majburiy verifikatsiyadan oʻtkazilishi rejalashtirildi va verifikatsiya qilish imkoni mavjud va xavfsizlik talablari yuqori darajada boʻlgan xalqaro imtihon tizimlarining sertifikatlari Common European Framework of Reference (CEFR) qoldirildi.

Tilni bilish darajasini baholamaydigan balki faqatgina metodikani oʻrgatadigan sertifikatlar roʻyxatdan chiqarildi. Amalda TKT sertifikatini misol uchun B1 darajasi bor oʻqituvchi topshirishi mumkin.

Qolgan sertifikatlar malaka koʻnikmalarni baholashga yoʻnaltirilgan va xavfsizlik talablari yuqori boʻlmagan sertifikatlardir.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining “Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qoʻshma qaror loyihasida «Ushbu qaror ilovasining 3 va 4-boblari rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran ikki oydan keyin kuchga kiradi”, deyilgan. Yaʼni, qaror loyihasi imzolangandan keyin ikki oy ichida olingan sertifikatlar uchun amal qilinishi belgilangan.

Bu band tegishli sertifikatni olish uchun pul toʻlab test sinovlari boʻlishini kutayotgan oʻqituvchilarga qoʻshimcha sharoit yaratish maqsadida kiritilgan.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining “Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qoʻshma qaror loyihasini tayyorlash uchun maxsus Ishchi guruh tashkil etilgan.

Ishchi guruh tarkibiga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Bilim va malakalarni baholash agentligi masʼul xodimlaridan tashqari Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining tajribali mutaxassislari jalb etildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu