Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Fransiya Respublikasi Prezidentining Kontinental Yevropa va Turkiya bo‘yicha maslahatchisi Izabel Dyumon va Fransiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Aureliya Bushez bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida mehmonlar uchun Muhammad al Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab bo‘ylab kampus-tur tashkil qilinib, unda maktab faoliyati hamda o‘quvchilar erishgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi.
Ikki tomonlama uchrashuvlar davomida vazir Hilola Umarova mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar hamda vazirlik tomonidan fransuz tilini ikkinchi xorijiy til sifatida rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
O‘z navbatida Izabel Dyumon O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Fransiyaning “Didiyer FLE” nashriyotining fransuz tilidagi darsliklar to‘plami Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan fransuz tili ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitiladigan maktablar uchun taqdim etildi.