Vazir Hilola UMAROVA: "Halol maktab direktorining faoliyatiga hech kim too‘qinlik qilishiga yo‘l qo‘ymaymiz”
Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Sirdaryo viloyatining 300 dan ortiq maktab direktorlari bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolar va rejalar bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvda bugungi kun zamonaviy maktab rahbari oldidagi vazifalar haqida so‘z bordi:
“Direktorlar meni eng ko‘p o‘ylantiradigan, ta’limdagi og‘riqli nuqtalardan biri. Ko‘p yillar maktabda direktor bo‘lganim uchun bu lavozimning mashaqqatini bilaman. Ta’limda faqat sizlar bilan o‘zgarish qila olishimiz mumkin.
Har biringizdan birinchi navbatda halollik talab qilaman. Halol bo‘lmagan insonga ta’limda o‘rin bo‘lishi mumkin emas. Halol maktab direktorining faoliyatiga hech kim to‘sqinlik qilishiga yo‘l qo‘ymayman. Direktor halol bo‘lsa, uning yonida men turaman!
Siz bilan biz o‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘ va nufuzini yuksaltirishimiz kerak. Bugun nima uchun istagan ota-ona maktabga kelib, o‘qituvchiga gapirishga haddi sig‘yapti? O‘z hurmatini, qadr-qimmatini bilgan o‘qituvchiga hech kim ortiqcha gapirishga haddi sig‘maydi. O‘qituvchilarning nufuzini ko‘tarish esa siz-u bizning vazifamiz. Maktabga zamonaviy direktor rahbarlik qilsa, buni ota-ona ham sezadi. Shu bois lavozimingizni suiiste’mol qilmagan holda maktabingizda ta’lim sifatini ko’tarishga o‘zingiz harakat qiling.
Viloyatda 325 ta maktab bor. Bu degani, shuncha rahbar va bir-biridan farq qiluvchi shuncha muhit degani. Shunday maktablar borki, infratuzilmasi yaxshi emas, lekin u yerdagi muhitni birorta zamonaviy maktabdan topa olmaysiz.
Yangilikni o‘zimizdan boshlashimiz kerak. Biz esa vazirlik jamoasi bilan birgalikda sizlar bilan yelkama-yelka ishlaymiz.
Biz bir kemadamiz - ziyolilar kemasida. Bu tizimda muammo bo‘lmasligi uchun o’z ustimizda tinimsiz ishlashimiz lozim.
Ishimiz ham, jamoamiz ham oilamiz, har ikkisi tinch bo‘lsa, ko’nglimiz xotirjam bo‘ladi. Shunday ekan, barchamizga doimo oiladan oilaga yorug‘ yuz bilan borish nasib qilsin”, - deydi Hilola Umarova.