Savol: Maktabda rus tilidan dars beraman. Rus tili bo‘yicha C1 darajadagi sertifikatim bor. Men mazkur sertifikatga ega bo‘lganim uchun Pedagog kadrlar attestatsiyasi test sinovdan ozod etilamanmi?
Mazkur savolga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Yuridik bo‘limi xodimlari javob berdi.
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi "O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida" PQ-5117-son Qarorining 5-bandi b)-kichik bandida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining kamida C1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega xorijiy tillar (ingliz, fransuz, nemis, ispan, italyan, arab, xitoy, yapon, koreys, turk, fors, pushtu, dari, urdu, hind) o‘qituvchilari attestatsiya jarayonida malaka sinovi uchun maksimal ball bilan baholanib, xorijiy til moduli bo‘yicha sinovdan ozod etilishi belgilangan.
Ya’ni, attestatsiya jarayonida beriladigan imtiyoz faqatgina ushbu Qarorda ko‘rsatilgan xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan pedagog xodimlar uchun tatbiq etiladi.