Yaponiya 3 ta ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida 140 ming AQSH dollari miqdorida grant mablag'i ajratdi

28-fevral 2023-yil
image

Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova hamda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi janob Xatori Takashi ishtirokida “Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kichik ijtimoiy loyihalarga ko‘mak berish grantlari” dasturi doirasida qator shartnomalarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Aytish lozimki, joriy yilda Xorazm viloyatining Urganch shahridagi 1 ta umumta’lim maktabi va Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti Yaponiya hukumatining maqsadli grantini qo‘lga kiritdi. Qariyb 140 ming AQSH dollari miqdoridagi ushbu mablag‘lar ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini takomillashtirishga yo‘naltiriladi.

Loyihaga ko‘ra, Urganch shahridagi 31-sonli maktab uchun o‘quvchi va o‘qituvchilarning salomatligi va gigiyenasini yaxshilashga qaratilgan chiqindi suvlarni yapon texnologiyasidan foydalangan holda toza suvga tozalash moslamasi o‘rnatiladi.

Shuningdek, loyiha doirasida Termiz shahridagi 19- hamda 28-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarining sifatli ta’lim olishlari uchun muassasalardagi mavjud eski mebel jihozlarini yangilash ishlari olib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1995-yildan buyon Yaponiya hukumatining “Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kichik ijtimoiy loyihalarga ko‘mak berish grantlari” dasturi amalga oshirilib kelinmoqda.

Mazkur dastur doirasida respublikamizda nodavlat notijorat tashkilotlari, tibbiyot va ta’lim muassasalari, shuningdek, mahalliy hokimliklar tomonidan umumiy qiymati 29,8 million AQSH dollarini tashkil etuvchi 419 ta loyiha amalga oshirildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu