Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Qashqadaryo viloyatida uzoq yillar davomida ta’lim sohasida mehnat qilib kelgan va ayni damda ham o‘quvchilarga bilim berib kelayotgan bir guruh faxriy ustozlar bilan uchrashdi.
Samimiy ruhda kechgan muloqot davomida ustoz pedagoglar ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan bugungi islohotlar, sifatli ta’limga erishish borasida bajarilayotgan ijobiy ishlar natijasi haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.
— Yangi O‘zbekistonda maktab va maktabgacha ta’limga katta e’tibor berilayotgani bejizga emas. Shuning barobarida pedagog ustozlarning obro‘sini oshirish, ta’lim sifati hamda maktablarning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash oldimizda turgan muhim vaziflardan sanaladi.
Ayniqsa, joylarda filial tarzida tashkil etilgan maktablar, ularda ta’lim olayotgan farzandlarimizning har tomonlama mukammal bilim egallashlariga alohida e’tibor qaratamiz, — dedi vazir Hilola Umarova.
Uchrashuv davomida 20 nafar faxriy ustoz “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Vazir Hilola Umarova Qashqadaryo viloyatidagi maktablar faoliyati bilan tanishishda davom etmoqda.