Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda “Zakovat intellektual klubi” NNT hamkorligida yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni ma’nan yetuk, barkamol insonlar qilib voyaga yetkazish, hayotiy bilimlarini yanada boyitish maqsadida qator intellektual tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 20-yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan o‘tkazilayotgan mazkur madaniy tadbirlar yurtimizdagi qator umumta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilmoqda.
Kuni kecha Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tarbiyalanuvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan "Zakovat" intellektual o‘yini ham qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.
Ushbu bellashuvda o‘quvchilar 10 ta jamoaga bo‘lingan holda o‘zaro kuch sinashishdi. Bunda tarbiyalanuvchilarning maktab darsliklari hamda qo‘shimcha adabiyotlardagi ma’lumotlar bo‘yicha egallagan bilim va aqliy salohiyatlari sinovdan o‘tkazildi.
“Zakovat” bellashuvlari yakunida musobaqada faol ishtirok etgan hamda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalarga mutasaddilar tomonidan “Diplom” va esdalik sovg‘alari topshirildi.