“Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida hozirga qadar 24 mingdan ziyod o‘quvchilar sayohat qilishdi

7-yanvar 2023-yil
image

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchi-yoshlarning qishgi ta’til kunlaridagi bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida qator ishlar olib borilmoqda.

Xususan, joriy yilning 2-yanvar kunidan boshlab “Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida “Yangi yilda – Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat» shiori ostida o‘quvchilar ishtirokida mamlakatimizning diqqatga sazavor joylariga sayohat tadbirlari tashkil etilmoqda.

O‘quvchi-yoshlarning ta’til davridagi bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning mamlakatimizning tarixiy va muhim maskanlari, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishtirish maqsadida o‘tkazilayotgan sayohat tadbirlariga har bir hududdan 400 nafardan, jami 5 ming 600 nafar maktab o‘quvchilarini qamrab olish belgilangan.

Shuningdek, mahalliy hokimliklar tashabbusi bilan sayohat tadbirlariga qo‘shimcha ravishda o‘quvchi-yoshlar jalb etilmoqda.

Haftalik doirasida 7-11-sinf o‘quvchilari va mas’ullardan iborat guruhlar o‘z hududlaridagi tarixiy obidalar, Toshkent shahridagi o‘quvchilar Samarqand shahrining tarixiy va diqqatga sazovor joylariga sayohat qilishmoqda.

Joriy yilning 4-5-yanvar kunlari temir yo‘l transporti orqali Toshkent shahridan 200 nafardan ziyod o‘quvchi yoshlar va mas’ullardan iborat guruh Samarqand shahridagi tarixiy obidalarga sayohatlari tashkil etildi.

Shuningdek, xorazmlik o‘quvchilar Xiva shahridagi Nurullaboy saroyi, Ichan qal’a, farg‘onalik o‘quvchilar Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon saroyi, qashqadaryolik o‘quvchilar Oqsaroy, Ko‘kgumbaz obidasi, Amir Temur moddiy madaniyat muzeyi, surxondaryolik o‘quvchilar Al-Hakim at-Termiziy, Sulton Saodat majmua va ziyoratgohlariga sayohat qilishdi.

Hozirga qadar “Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida (mahalliy hokimliklar tashabbusi bilan hisoblaganda) 24 000 dan ziyod o‘quvchi-yoshlarning sayohatlari tashkil etildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu