O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidovning tizim xodimlari va pedagoglariga MUROJAATI

22-dekabr 2022-yil
image

Hurmatli xalq ta’limi tizimi xodimlari, qadrli ustozlar!

 

Kuni kecha Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini barchamiz katta hayajon va qiziqish bilan tingladik. Unda bildirilgan xalq ta’limi tizimiga doir barcha masalalar bizga kelgusi yildagi faoliyat yo‘nalishimizni belgilab berish asnosida, zimmamizga katta mas’uliyat va javobgarlik yuklaganligi shubhasiz.

Murojaatnomada inson qadri va uning orzu-umidlarining ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining ustuvor maqsadlaridan biri hamda bunda eng avvalo, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, farzandlarimizning xalqaro standartlar asosida bilim olishlarini ta’minlash bugungi kunning muhim talabi ekanligiga alohida urg‘u berilganligi katta ahamiyatga ega.

Albatta, davlatimiz tomonidan yoshlarning sifatli ta’lim olishlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan tub islohotlar zamirida kelajak avlod kamoloti, ularni bilimli va vatanparvar insonlar qilib tarbiyalash g‘oyasi mujassam ekanligi barchamizga yaxshi ma’lum.

Shu ma’noda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan kirib kelayotgan 2023-yilga mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berishning taklif etilgani, ta’lim sohasi fidoyilari qatori barcha yurtdoshlarimiz tomonidan katta xursandchilik bilan qabul qilindi.

Murojaatnomada Yangi O‘zbekistonni “Ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishning dastlabki sharti sifatli ta’lim ekanligi va eng katta investitsiya, avvalo, ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi lozimligi, shu maqsadda kelgusi yildan boshlab maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlanishi aytib o‘tildi.

 

Qadrli hamkasblar, muhtaram o‘qituvchilar!

 

Aminmanki, maktab ta’limini rivojlantirish va barcha o‘quv muassasalarimizda sifatli ta’limni keng joriy etish, sohada mehnat qilayotgan barcha fidoyi ustozlarimiz, zahmatkash o‘qituvchilarning eng katta maqsadidir. Shu bois tizimdagi barcha xodimlar bir jamoa va hammaslak insonlar sifatida farzandlarimizning komil va bilimdon shaxs bo‘lib voyaga yetishi yo‘lida tinimsiz izlanmoqda, harakat qilmoqda.

Muhtaram Yurtboshimiz o‘z Murojaatnomasida ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘li ekanligi xususida juda dolzarb fikrlarni o‘rtaga tashladi. Xususan, ta’lim sohasidagi islohotlarni yanada rivojlantirish, muammolarni manzilli hal etish maqsadida o‘qituvchi va murabbiylar bilan doimiy muloqot muhitini yaratishga doir hayotiy tashabbuslarni bildirib o‘tdi.

Albatta, bu boradagi vazifalarni tizimli amalga oshirish maqsadida vazirlik tomonidan alohida ish olib borilib, hududlardagi ta’lim maskanlarining real holati hamda o‘quv sifati, o‘qituvchilarning mehnat sharoitlari joyiga chiqqan holda o‘rganilmoqda). O‘qituvchilar va maktablar rahbariyati bilan muloqot davomida keltirilgan masalalarni birgalikda hal etish bo‘yicha bamaslahat ish olib borildi, yechilmaganlari bo‘yicha hozirda zarur choralar ko‘rilmoqda.

Endigi masala esa, bevosita o‘qituvchilar faoliyatiga oid muammolar va ta’lim jarayonlarini pastdan o‘rganishni yanada jadallashtirishga qaratilishi lozim. Buning uchun vazirligimizning kelgusi yil ish rejalarini yanada puxta va samarali tuzish bo‘yicha aniq va qat’iy ishlar davom etmoqda.

Aniqroq aytganda, xalq ta’limi tizimidagi har bir rahbar va mas’ullarning ish faoliyati endilikda quyi bo‘g‘inlarda, maktab va o‘qituvchilar orasida, o‘quvchilarning dars jarayonlarida olib boriladi. Jamiyatning muhim asoslarini tashkil etuvchi mahalla va oila bilan olib borilayotgan o‘zaro hamkorlik ishlarini faol davom ettirgan holda, har bir o‘quvchining qiziqish va dunyoqarashi, kelajak maqsadlarini ruyobga chiqarishda barcha jamoatchilik vakillari bilan mavjud aloqalar yanada mustahkamlanadi.

Bizning asosiy maqsadimiz, maktabga kelayotgan har bir o‘quvchi har kuni maktabdan yangi bilim, yangi fikr va g‘oya olib ketsin. Ertaga kim bo‘ladi, o‘zini qaysi kasb ichida ko‘radi yoki qaysi hunarni egallash orqali katta muvaffaqqiyatga erishadi — o‘quvchi mazkur savollarga maktabning o‘zida javob topsin. O‘qituvchilari va murabbiylaridan motivatsiya olib, o‘z kelajagini qurishda qat’iy mas’uliyat va burchli bo‘lish hislarini to‘la anglasin.

Bir so‘z bilan aytganda, farzandlarimiz — Prezidentimiz istaganlaridek, maktabdan kamida ikkita xorijiy tilda so‘zlashadigan, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan bemalol tillasha oladigan bilimdon avlod bo‘lib, katta hayotga qadam qo‘ysin. Bunday bilim bilan hech bir o‘quvchimiz hayot yo‘lida qoqilmaydi. Yurtimiz rivoji, xalqimiz faravonligini ta’minlashda mustahkam tayanch bo‘ladigan mustaqil shaxs bo‘lib ulg‘ayadi. Millat ziyolilari va yurtdoshlarimizning eng katta orzusi ham shu.

 

Aziz fidoyi o‘qituvchilar!

 

Davlatimiz rahbari nutqida ta’kidlanganidek, 2023-yildan boshlab yurtimizdagi umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitishning yo‘lga qo‘yilishi zamirida ham yuqorida keltirilgan maqsadlar mujassamdir. Zero, “Zamonaviy jamiyat uchun zamonaviy ta’lim” shiori asosida boshlangan mazkur tashabbus doirasida o‘quvchilarning olgan bilimlarini hayotda qo‘llay olish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Har bir dars bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi va ushbu jarayonlarda o‘quvchilarning ijodkorlik qobiliyatlarini yanada rivojlantirishga urg‘u beriladi.

Prezidentimiz o‘z nutqida ta’lim jarayonlari va o‘quvchilarning zamonaviy talablar asosida tahsil olish shartlari xususida fikr yuritar ekan, o‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ushbu mezonni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

Albatta, bugungi kunda ta’lim muassasalari o‘qituvchilarini o‘z vazifasiga aloqador bo‘lmagan turli ishlarga jalb etish, ular zimmasiga ortiqcha vazifalar yuklanayotgan holatlari mavjud. Buni yashirishimizning keragi yo‘q. Ammo aytishim lozimki, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan hududiy hokimliklar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ushbu salbiy holatlarga butunlay barham berish bo‘yicha keskin choralar ko‘rilmoqda, muammo yechimining qonuniy asoslari yaratilmoqda.

Murojaatnomada aytilganidek, 2023-yilda ham yangi maktab binolarini qurish va mavjudlarini muntazam ta’mirlab borish, bo‘sh yer maydonlarida qo‘shimcha o‘quv binolari tashkil etish bo‘yicha ishlar jadal olib boriladi. Ularni zamonaviy o‘quv jihozlari va qo‘shimcha mebellar bilan ta’minlash ko‘lami yanada kengaytiriladi.

Prezidentimiz taklifiga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi maktablar boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish maqsadida joriy etilgan amaliyot kelgusi yildan butun respublika miqyosida amalga oshirilishi xususida yangilik millionlab ota-onalar qatori bizni ham cheksiz xursand qildi. Kelajagimiz bo‘lmish farzandlarimizga otalarcha qilingan bu g‘amxo‘rlik albatta o‘zining shirin mevalarini berishi shubhasiz.

 

Muhtaram o‘qituvchilar, qadrli hamkasblar!

 

Kelgusi yilgi ish rejalarimiz juda katta. Shu bois Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga berilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik bizni yanada faol va fidoyi bo‘lishimizni, o‘z ishimizga katta mas’uliyat bilan yondashishimizni talab etadi.

Shunday ekan, farzandlarimiz kamoloti va mamlakatimiz kelajagi uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz, xalqimiz ishonchini oqlagan holda, ta’lim sohasidagi ulkan o‘zgarishlarga o‘z mehnatimiz va tashabbuslarimiz bilan kamarbasta bo‘lishimiz zarur.

Barchangizga ushbu sharafli va zahmatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilab qolaman.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu