Joriy yilning 16 dekabr kuni Xalq taʼlimi vaziri jamg‘armasi hisobidan 2023 yilda har oylik ustamaga daʼvogar pedagoglarning saralash imtihonlari boshlanadi.
Qayd etish joizki, 2023 yilda Vazir jamg‘armasidan oylik ustama oladigan pedagoglarning soni 2000 nafar etib belgilandi va bu kvota “Boshlang‘ich taʼlim”, “Aniq va tabiiy fanlar”, “Xorijiy tillar”, “Ijtimoiy fanlar” va “Amaliy fanlar” yo‘nalishlari bo‘yicha tuman (shahar)lar bo‘yicha taqsimlandi. Ushbu kvotaga nomzodlar “Xalq taʼlimi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 2 avgustdagi 425-sonli Qarorida belgilangan tartibga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan taqdim etildi.
Vazir jamg‘armasidan oylik ustama oluvchi g‘oliblarni aniqlash nomzodlar orasida ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Dastlabki bosqichda Davlat test markazi tomonidan “Boshlang‘ich taʼlim”, “Aniq va tabiiy fanlar”, “Xorijiy tillar”, “Ijtimoiy fanlar” va “Amaliy fanlar” yo‘nalishlari — 2022 yil 16 dekabr kuni barcha hududlarda Davlat test markazi tomonidan nomzodlarning dars beradigan umumtaʼlim fani bo‘yicha bilim darajasini baholash uchun test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
Ikkinchi bosqichda esa umumtaʼlim fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida maksimal ballning 80 foizi yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash uchun suhbat o‘tkaziladi.
Kasbiy mahoratini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan malakali pedagog kadrlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan har oylik ustamaga daʼvogar malakali pedagog kadrlar ro‘yxatlari va 1-bosqich test sinovlari o‘tkaziladigan joy hamda vaqti bo‘yicha maʼlumotlarni quyidagi havola orqali olishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Xalq taʼlimi vaziri jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 2 avgustdagi 425-sonli qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, ushbu jamg‘arma hisobidan Xalq taʼlimi tizimidagi umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan malakali pedagog kadrlarga har oylik ustama to‘lash ko‘zda tutilgan.