Qish mavsumini o‘tkazishda muammolar yuzaga kelayotgan maktablar holati birma-bir tahlil etildi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi

7-dekabr 2022-yil
image

Bugun Xalq ta’limi vazirligida umumta’lim muassasalarining qish mavsumini betalofat o‘tkazish, maktablarda yuzaga kelayotgan muammoli holatlar va ularning yechimiga bag‘ishlangan tezkor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda vazirlik mutasaddilari, hududiy boshqarma boshliqlari, tegishli yo‘nalish rahbarlari ishtirok etdi hamda kun tartibidagi masalalar bo‘yicha axborot berdi.

Vazir Baxtiyor Saidov tadbir avvalida mamlakatimizdagi umumta’lim maktablarining qish mavsumiga tayyorgarlik holati va bu boradagi joylardagi mavjud muammolarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, sinfxona va boshqa o‘quv xonalaridagi mo‘tadil harorat, issiqlik yetkazish uskunalari va qozonxonalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha hududlarda olib borilayotgan jarayonlarni atroflicha tahlil qildi.

— Barchamiz yaxshi anglab turibmiz, ob-havoning keskin sovib ketishi va buning natijasida issiqlik ta’minotiga bo‘lgan ehtiyojning ortishi natijasida mamlakatimizning barcha hududlarida elektr energiyasida uzilish yoki gaz bosimining pasayish holatlari kuzatilmoqda”, — dedi vazir o‘z so‘zi davomida. — Bunday murakkab vaziyatda joylardagi barcha mutasaddilar mavjud holatni qat’iy nazoratga olgan holda, mahalliy hokimliklar bilan birga zarur choralarni ko‘rishi kerak.

Yig‘ilish davomida maktablarning qish mavsumiga tayyorlash hamda uni betalofat o‘tkazish bo‘yicha vazirlikning hududiy bo‘linmalari, maktablar hamda mahalliy hokimliklar qoshida tashkil etilgan Ishchi shtablari faoliyati tahlil etildi. Qish mavsumini o‘tkazishda turli muammolarga uchrayotgan ta’lim muassasalari holatini doimiy tahlil qilish, aniqlangan masalalarni tezkor hal etish bo‘yicha shtab mas’ullariga zarur ko‘rsatmalar berildi. Aytish joizki, bugungi kunda mazkur yo‘nalishdagi muammolarni tezkor hal etish va nazorat qilish maqsadida har 3 ta maktabga bittadan xodim mas’ul qilib biriktirilgan. Ular har kunlik ahvolidan xabardor bo‘lib, muammolarni tezkor bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari hamda Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshliqlarining joylardagi ta’lim muassasalarining qish mavsumiga tayyorgarlik holati, mavjud muammolar va ularni hal etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga doir hisoboti tinglandi.

Baxtiyor Saidov hududiy mas’ullar tomonidan berilayotgan ma’lumotlarni tahlil qilar ekan, tilga olib o‘tilayotgan maktablar yoki boshqa muassasalarning har biridagi muammoni shaxsan o‘rganish hamda tezkor hal etish bo‘yicha vazirlik va hududiy rahbarlarga kerakli topshiriqlar berdi.

— Yurtimizdagi 10 mingdan ortiq maktablarda tahsil olayotgan millionlab o‘quvchilar bizning farzandlarimiz, shu yurtning bolalari. Ularning sifatli va qulay sharoitlarda ta’lim olishlarini ta’minlash sohada mehnat qilayotgan barcha mas’ullar oldida turgan birinchi vazifadir. Shunday ekan, biz mana shu haqiqatni to‘la anglagan holda mehnat qilishimiz, bor kuchimiz va e’tiborimizni shu maqsad yo‘lida sarflashimiz zarur”, — dedi vazir o‘z so‘zini yakunlar ekan.

Yig‘ilish so‘nggida qish mavsumini o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar haqidagi xabarlarni qabul qilish maqsadida Ishchi shtablarda tashkil etilgan Ishonch telefonlarining uzluksiz ishlashini doimiy nazorat qilish muhimligi aytib o‘tildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilish uchun maxsus muloqot kanallarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solishga doir mas’ullarga muhim tavsiyalar berildi.

Shuningdek, joylarda maktablarda issiqlik bilan muammo yuzaga kelgan hamda kovid bilan kasallanish holatlari ko‘paygan taqdirda mahalliy hokimliklar bilan kelishgan holda maktablarni vaqtinchalik bir haftalik ta’tillarga chiqarish choralarini ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu