Xalq ta’limi sohasidagi korrupsion holatlar hamda aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklar haqida ma’lumot berildi

5-dekabr 2022-yil
image

Bugun Xalq ta’limi vazirligida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. Unda vazirlik rahbariyati, mas’ul mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Xalq ta’limi vazirligi mas’ullari tomonidan xalq ta’limi tizimida korrupsiyaga oid qonunbuzilish holatlarini oldini olish va bartaraf etish borasida vazirlik tomonidan olib borilgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, vazirlikning Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazoratini amalga oshirish sho‘basi hamda uning hududiy bo‘linmalardagi vakillari tomonidan “komplayens-nazorat” (compliance control) tizimi asosida qator ishlar olib borilmoqda.

Xususan, tahlika-tahlillarga (risk-analiz) asoslangan o‘rganishlar hamda masofadan monitoring qilish mobaynida qayd etilgan shubhali holatlar tahlil qilinib, vazirlik faoliyatidagi moliyaviy xato va kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Natijada joriy yil 11 oy davomida sohadagi jami 635,8 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olinib, bartaraf etilishiga erishilgan. Jumladan, ta’lim muassasalarining 2022-yil uchun tasdiqlangan shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini rejalashtirishda ortiqcha kiritilgan 154 mlrd. so‘m mablag‘ maqbullashtirildi.

Nazorat tadbirlari davomida umumta’lim muassasalarida hisobga olinmagan yangi va rekonstruksiya qilish orqali foydalanishga topshirilgan bino inshootlar hisobiga hosil bo‘lgan 481,9 mlrd. so‘mlik asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklar o‘rnatilgan tartibda buxgalteriya balansiga kirimga olinishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan talon-torojlik holatlari oldi olindi.

Joriy yil yanvar-noyabr oylarida ta’lim muassasalarida Vazirlikning Ichki audit xizmati tomonidan o‘tkazilgan 638 ta nazorat tadbirlarida 70,9 mlrd. so‘mlik moliyaviy qonun buzilish (12,2 mlrd. so‘mlik o‘zlashtirish) holatlari aniqlandi.

Jumladan, Hisob palatasi bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyati Denov tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida tuman xalq ta’limi bo‘limining buxgalteriya xizmati mas’ul xodimlari tomonidan ish haqi uchun olingan 2,8 mlrd. so‘m naqd pul va fuqarolarning shaxsiy kreditlarini so‘ndirish hamda omonatga joylashtirish orqali 6,9 mlrd. so‘m budjet mablag‘lari o‘zlashtirganligi aniqlandi.

Shuningdek, Sirdaryo viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida 551,0 mln.so‘m, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida 27,0 mln.so‘m, Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida 10,9 mln.so‘m budjet mablag‘larining o‘zlashtirilishiga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, vazirlikning Ichki audit xizmati va Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat sho‘basi mutaxassislari tomonidan joriy yil oktabr oyida Toshkent viloyati, Bo‘ka tumani xalq ta’limi bo‘limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarda sohaga doir qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Tekshirish yakuni bo‘yicha, tuman xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari tomonidan 2 mlrd. 351 mln. 580,5 ming so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

O‘rganishlar davomida tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan barcha o‘rganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko‘rish maqsadida huquq-tartibot organlariga taqdim etildi.

Shuningdek, tadbirda vazirlik tomonidan amalga oshirilgan tahlillar natijasida Xalq ta’limi tizimidagi faoliyat jarayonlarini ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham zarur ma’lumotlar aytib o‘tildi.

O‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” doirasida mavzuga oid savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berildi.

Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘larni samarali ishlatilishini ta’minlash, tizimdagi koorupsion xavf-xatarlar, moliyaviy xato va kamchiliklarni aniqlash, bartaraf etish va ularni oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tizimli ravishda davom ettiriladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu