Bugun, 21-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga boshlangan rasmiy tashrif doirasida Parij shahrida Fransiya taraqqiyot agentligi (FAR) bosh direktori Remi Riuni qabul qildi.
O‘zbekiston va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi istiqbolli loyihalar bilan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi.
Keyingi paytda o‘zaro aloqalarda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qo‘shma loyihalar portfeli 1 milliard yevroga yetdi. Agentlik ishtirokida bugun infratuzilma, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha muhim dasturlar amalga oshirilmoqda.
FAR rahbari bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturining samarali natijalarini qayd etib, hamkorlikning joriy holati va salohiyatini yuksak baholadi.
Suhbatda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini, eng avvalo, ta’lim, sog‘liqni saqlash va infratuzilma sohalarida joriy qilish, energetika va transportda “yashil” iqtisodiyot loyihalarini kengaytirish, agrosanoat majmuini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar va yoshlarni o‘qitish va ularning tadbirkorligini moliyalashtirish loyihalarini ilgari surish kabi ustuvor yo‘nalishlarda amaliy sheriklikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Loyihalarni aralash tarzda, shu jumladan Fransiya kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari ishtirokida moliyalashtirish mexanizmlaridan faol foydalanish muhim ekani ta’kidlandi.
Tomonlar erishilgan barcha kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish yuzasidan “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, energetika, “yashil” iqtisodiyot, shaharlarni rivojlantirish, suv ta’minoti, bank-moliya va transport sohalarida aniq loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadigan umumiy qiymati 1 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan 2025 yilgacha strategik hamkorlik dasturini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
https://president.uz/