Sayt test rejimida ishlamoqda

Ta’lim sektorini muvofiqlashtirish mahalliy ta’lim guruhining hamkorlik rejalari belgilab olindi

22-noyabr 2022-yil
image

Poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida Ta’lim sektorini muvofiqlashtirish mahalliy ta’lim guruhining navbatdagi muloqot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi ta’lim sohasiga tegishli qator vazirlik va davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammadzade, Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik tashkilotining mamlakat guruhi rahbari Lina Benet, A.Avloniy nomidagi milliy tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev, Xalq ta’limi vazirligi Ta’lim sifatini jarayonlarini muvofiqlashtirish departamenti direktori Laziz Xo‘jaqulovlar mavzuga doir o‘z takliflarini bildirdi.

Aytish joizki, ta’lim sektorini muvofiqlashtirish mahalliy ta’lim guruhining dastlabki muloqot uchrashuvi joriy yilning 29 aprel kuni o‘tkazilgan bo‘lib, unda ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar sarhisobi va kelgusidagi istiqbol rejalari o‘ttizdan ortiq xalqaro va mahalliy tashkilotlar vakillari ishtirokida atroflicha muhokama etilgan.

Ikkinchi bor tashkil etilgan mazkur Ta’lim guruhi uchrashuvida Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Britaniya Kengashi (British Council), UNESCO, UNICEF, JICA, KOICA, USAID kabi xalqaro tashkilotlarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan ustuvor yo‘nalishlarga doir muhim jarayonlarni keyingi yillarda xalqaro va mahalliy hamkor tashkilotlar yordamida rivojlantirishga doir “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish masalalari o‘rtaga tashlandi. Shu bilan birga ushbu maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro moliyaviy institutlarning grant mablag‘larini maqsadli jalb etishga doir taklif va fikrlar bildirib o‘tildi.

Shu bilan birga O‘zbekistondagi umuta’lim maktablari infratuzilmasini yanada yaxshilash hamda o‘quvchilar uchun munosib ta’lim sharoitlarini yaratib berish, ta’lim sifati va o‘qituvchilar malakasini doimiy oshirib borish bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan mulohaza va takliflar o‘rtaga tashlandi.

O‘zaro qizg‘in muhokamalar asosida kechgan muloqot davomida xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan ushbu takliflar katta qiziqish bilan qabul qilindi hamda tomonlarning hamkorlik rejalari belgilab olindi.

Do‘stona va ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuv so‘nggida belgilangan mazkur vazifalar ijrosini hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha mahalliy va xalqaro ta’lim tashkilotlari tomonidan o‘zaro kelishuvlarga erishildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu