“Rossvik Tashkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, “FASSOMA” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Sirojiddin Xoliyarov maktablarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy harakatiga aylantirish borasida soha rivojiga munosib qo‘shgan hissasi uchun "Ta’lim homiysi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ko‘krak nishoni Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov tomonidan topshirildi.
Tadbirkor o‘zi tahsil olgan Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanidagi 37-maktab o‘quv binosini shaxsiy mablag‘lari evaziga ta’mirladi. Xususan, tadbirkor tomonidan maktab o‘quv binosi, sport zali ta’mirlanib, kichik zamonaviy futbol maydonchasi va oshxona qurib berildi. Maktabning elektr jihozlari, maktab atrofidagi panjaralari almashtirildi. O‘quv binosining sinfxonalari jihozlanib, maktab atrofi obodonlashtirildi. Binoning isitish tizimi yangilanib, maktab atrofi va ichki yo‘laklari asfalt qilindi. Zamonaviy kutubxona va tadbirkor tomonidan olib berilgan kitoblar ham o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun xizmat qiladi.
Ko‘plab xayrli sa’y-harakatlar tashabbuskori Sirojiddin Xoliyarov maktab homiysi sifatida nafaqat Qashqadaryo viloyatida balki Respublikamizning barcha hududlarida katta e’tirof va hurmatga sazovor bo‘lib kelmoqda. Shu fursatdan foydalanib, Xalq ta’limi vazirligi Sirojiddin Xoliyarov singari maktab rivojiga hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimizga o‘z minnatdorligini bildiradi.