O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2022 yil 4 avgustda o‘tkazilgan tegishli yig‘ilish bayoni asosida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi tasdiqlandi. Mazkur Dastur Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchi kursida o‘qiyotgan qobiliyatli yoshlarni saralab olish, ularning stajirovkasini tashkil etish va keyinchalik zaxiraga kiritish bo‘yicha muhim jarayonlarni nazarda tutadi.
Dastur nima uchun zarur?
Dasturning asosiy maqsadi – davlat xizmatiga eng munosib kadrlarni tanlash va tayyorlash orqali OTM bitiruvchilarini davlat xizmatiga jalb qilish samaradorligini oshirishdan iboratdir.
Dasturning asosiy vazifasi — oliy taʼlim muassasalari hamda davlat xizmati o‘rtasida integratsiyani yo‘lga qo‘yish, salohiyatli va bilimli bitiruvchilarni vazirlik, uning tizimidagi tashkilot va muassasalarga stajirovka o‘tash uchun yo‘naltirishdir.
Buning natijasi o‘laroq, stajirovkani muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilar tanlov (suhbat) asosida Xalq taʼlimi vazirligi hamda uning quyi bo‘g‘inlariga ishga qabul qilinadi.
Tanlov qay tartibda o‘tkaziladi?
Dastlab “Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi” bo‘yicha stajirovka tanlovi haqida vazirlikning rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoq sahifalarida berilgan eʼlon asosida nomzodlarning arizalari qabul qilinadi. Arizalarni qabul qilish onlayn shaklda (telegram bot orqali) ham amalga oshirilishi mumkin.
Nomzodlar tanlovda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, davlat fuqarolik xizmati va korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunchilik, davlat tili, axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim darajasini aniqlash uchun vazirlik tomonidan hamkor OTMlar bilan birgalikda tashkil etiladigan sinovdan (test yoki suhbat) o‘tadi.
Saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar (71 foizdan yuqori) vazirlik tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi. Baholash natijalariga ko‘ra, sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarni stajirovkaga qabul qilish haqida vazirlikning buyrug‘i chiqariladi. Stajirovka jarayonini namunali yakunlagan yosh mutaxassislar stajirovka o‘tagan tashkilotning kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
Stajirovkaning o‘tash tartibi qanday?
Stajirovka uch oydan kam bo‘lmagan hamda bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda, uchta bosqich — tayyorlov, asosiy, hisobotlarni topshirish va baholash tarzida amalga oshiriladi. Talabalar stajirovka o‘tashning boshida tashkilotning tuzilishi, faoliyat yo‘nalishlari, o‘ziga xosligi bilan tanishadi hamda stajirovka rahbari va biriktirilgan ustoz-mentor bilan birgalikda shaxsiy ish reja jadvalini tuzadi.
Asosiy bosqichda bitiruvchi shaxsiy ish rejada ko‘rsatib o‘tilgan ishlarni bajaradi. So‘nggi bosqichda hisobot-taqdimot stajirovka rahbari, ustoz-mentor va Yoshlar ishlari agentligi vakili tomonidan baholanib tasdiqlanadi.
Stajirovkani muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilar sertifikat bilan taqdirlanadi va shu asosda bitiruvchilarni davlat xizmatiga ishga qabul qilishda imtiyoz beriladi.
Kimlar ishga qabul qilinadi?
Stajirovkani muvaffaqiyatli tamomlagan, sertifikatga ega bitiruvchilar vazirlikdagi maxsus komissiya tomonidan o‘tkaziladigan suhbat asosida oltinchi darajali davlat xizmatchilari (mutaxassis) vakant lavozimiga ishga qabul qilinishi mumkin.