Xalq ta’limi vazirligi maktab ta’limini rivojlantirish, yosh avlod tarbiyasida o‘qituvchilarning mas’uliyati hamda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish maqsadida “Ma’rifatli jamiyat – Uchinchi Renessans bunyodkori” esselar tanlovini o‘tkazmoqda.
Tanlovda Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari ixtiyoriy ravishda quyidagi 2 ta yo‘nalish bo‘yicha ishtirok etishlari mumkin:
1. Ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari hamda ta’lim qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘zbek tili fani o‘qituvchilari.
2. Ta’lim tilidan qat’iy nazar barcha fan o‘qituvchilari.
Tanlov 2022-yil 22-sentabrdan 21-oktabrga qadar bo‘lib o‘tadi. Ta’lim muassasalarida 26-sentabr kuni, tuman va shaharlar miqyosida 5-oktabr kuni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar miqyosida 11-oktabr kuni o‘tkaziladi. Tanlovning Respublika bosqichi 17-21-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Tanlov g‘oliblarini e’lon qilish va taqdirlash jarayonlari “21-oktabr —O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun” bayrami arafasida amalga oshiriladi.
Tanlov jarayonlari va g‘oliblari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar Xalq ta’limi vazirligining rasmiy — www.uzedu.uz veb-sayti orqali e’lon qilinadi.
Hurmatli o‘qituvchilar, mazkur tanlovda faol ishtirok eting.