Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan “Aniq va tabiiy fan o‘qituvchilariga sertifikat berishning milliy tizimini yaratish va pedagoglarni birinchi, oliy malaka toifasini olishga tayyorlash – borasida “QUALIFICATION” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Xo‘sh, bu tizim qanday yaratiladi? O‘qituvchilar toifa olishga tayyorgarligida qanday ko‘mak beriladi?
Bu borada xalq taʼlimi vazirligi tomonidan yetuk mutaxassislarni jalb qilgan holda savollar tuzishga qo‘yiladigan talablar, test topshiriqlari namunalari, so‘rovnomalar, baholash mezonlariga qo‘yilgan talablar ishlab chiqildi.
Pedagog o‘qituvchilar uchun 19 ta banddan iborat so‘rovnoma savollari shakllantirilib, testdagi topshiriqlar soni, ularning tuzilishi, baholash mezonlari aynan baholashning maqsadidan kelib chiqqan holda belgilandi.
Pedagoglarni malaka toifasini olishga tayyorlash uchun 4 ta fan, fizika, matematika, kimyo va biologiya, har bir fan bo‘yicha oliy va birinchi toifali pedagoglar tomonidan 72 soatga mo‘ljallangan o‘quv reja va dasturlar ishlab chiqildi.
Yaratilgan o‘quv dasturlar asosida pedagog xodimlarni toifaga tayyorlash maqsadida 4 ta, Biologiya, Kimyo, Matematika va Fizika fanlari doirasida maʼruza matn, test, keys, taqdimotlar ishlab chiqildi. 288 ta videodarslar tayyorlandi.
4 ta fandan birinchi va oliy malaka toifasini olishga ko‘mak berishga qaratilgan tayyorlov kursi uchun o‘quv dasturlariga asoslangan jami 800 ta nazorat savollari tuzilib, testlar ekspertizadan o‘tkazildi hamda A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutining onlinedu.uz platformasida “Toifa kurslar” nomi bilan trenajyor ishga tushirildi.
Mazkur trenajyorga fan o‘qituvchilarning yuqoridagi fanlar yuzasidan diagnostik test qilish imkoniyati kiritilgan bo‘lib, bu kurslarni boshlashdan oldin pedagoglarning kasbiy bo‘shliqlarini aniqlashda yordam beradi. Yaʼni, o‘qituvchilar toifa olishida o‘z fani doirasida bilishi lozim bo‘lgan ko‘nikmalar aniqlanib, ularga kurslar belgilanadi.
Yana bir katta imkoniyat yaratilib, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Milliy-tadqiqot institutida kimyo, biologiya hamda fizika fanlaridan amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarini olib borishga mo‘ljallangan zamonaviy laboratoriya xonalari tashkil etildi.
Hozirda mazkur laboratoriyada tabiiy fan o‘qituvchilari uchun yangi metodikalar va malaka toifasini oshirishga mo‘ljallangan video kurslar tasvirga olinmoqda.
Bundan tashqari sertifikat berishning milliy tizimini yaratish bo‘yicha pedagog kadrlarning kasbiy faoliyatini baholash, ularning pedagogik mahorati o‘lchovini belgilash hamda o‘quvchilarning o‘quv fanidan bilimlarini sinovdan o‘tkazish, psixologik tayyorgarligini aniqlanash bo‘yicha mutaxassislar tomonidan matematika, fizika, kimyo, biologiya fanlari spesifikatsiyalar ishlab chiqilib mazkur spesifikatsiyalar asosida kimyo hamda biologiya fanlaridan 7-11- sinf o‘quvchilari uchun 1500 tadan, matematika fanidan 5-11 sinf o‘quvchilari uchun 2100 ta, fizika fanidan 6-11 sinf o‘quvchilari uchun 1800 ta hamda pedagog kadrlarning o‘quv fani bo‘yicha bilim darajasini aliqlash bo‘yicha yuqoridagi fanlardan 200 tadan jamio 800 ta psixologik tayyorgarligin aniqlanash bo‘yicha 200 ta savollar ishlab chiqildi. Mazkur tast savollari ochiq test, yopiq test, hamda keys shaklida bo‘lib, bilish va tushunish – reproduktiv daraja, qo‘llash – produktiv daraja, tahlil – intellektual daraja kabi aqliy faoliyat turlarini o‘z ichiga oladi
Loyiha davomida baholash bo‘yicha tajriba sinov ishlari uchun Navoiy viloyatining Navoiy shahar, Qiziltepa, Navbahor va Karmana tumanlaridan oliy, birinchi, ikkinchi va mutaxassislik toifasiga ega bo‘lgan 120 nafar aniq va tabiiy fan o‘qituvchilari, shuningdek, 5097 nafar 5-11-sinf o‘quvchilari qamrab olindi.
Loyihaning asosiy maqsadlardan biri – aniq va tabiiy fan o‘qituvchilariga sertifikat berishning milliy tizimini yaratishdan iborat bo‘lib, mazkur sertifikatga ega bo‘lgan aniq va tabiiy fan o‘qituvchilarining oylik maoshlariga 20 foiz miqdorda ustama qo‘shilishi nazarda tutilmoqda. Bu haqida keyingi maqolalarimizda batafsil to‘xtalamiz.
Hozirgi paytda loyihaning yakuni bo‘yicha elektron platformani ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.