Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi ishchi guruhi Sirdaryo viloyatida pedagoglarni malakasini oshirish Hududiy markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, professor-o‘qituvchilar bilan uchrashdi. Davlatimiz Rahbari boshchiligida shu yili 5 aprel kuni xalq taʼlimi tizimini takomillashtirish masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Hududiy malaka oshirish markazlari qayta tashkil etilib, pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish taʼlim markaziga aylantirilishi taʼkidlangan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad taʼlim sifatini oshirish uchun dars jarayonlarini yangicha yondashuv, ilg‘or metodikalar asosida tashkil etishdan iborat. Bunda ushbu markaz drayver vazifasini o‘tab, o‘qituvchilarni yangi metodikalarga o‘rgatadi, bu yerda malaka oshirgan pedagoglar o‘z maktabida o‘quvchilarga sifatli taʼlim beradi.
Markazning shunchaki nomi o‘zgarib qolmaydi, ularga yuklatilgan vazifalar ham o‘zgaradi. Shu bilan birga Toshkent davlat pedagogika universiteti ham transformatsiya qilingan xolda Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi.
Endilikda markaz pedagoglari ham masʼuliyatini oshirib, maktab o‘qituvchilariga amaliy va metodik yordam ko‘rsatishi zarur.
“Jamiyat taraqqiyoti, ertangi kelajak pedagoglar qo‘lida, bu juda katta masʼuliyat” — deb taʼkidladi vazir.
Yaqin kunlarda alohida normativ hujjat qabul qilinib, markaz tuzilmasi, funksiyalari o‘zgaradi, aniq vazifalari belgilab beriladi.
Uchrashuv so‘ngida markaz pedagoglarining taʼlim sohasidagi takliflari tinglandi.