1 iyun — “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan har yili respublikamiz bo‘ylab tashkil qilinadigan bayram tadbirlarida barcha bolalar singari imkoniyati cheklangan hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ham alohida eʼtibor qaratilishi anʼanaga aylangan.
Ushbu bayram munosabati bilan joriy yilning 31 may-1 iyun kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida vazirlik va idoralar tomonidan turli bayram tadbirlari tashkil etilmoqda, unda 10 000 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda respublikamizdagi 86 ta imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda yakuniga yetgan o‘quv yilida 21 685 nafar aqliy va jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar taʼlim oladi. Shuningdek, nogironligi sababli maktab va maktab-internatlarda taʼlim olish imkoniyati ega bo‘lmagan 14 059 nafar o‘quvchi uy taʼlimiga jalb etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinov tariqasida inklyuziv taʼlim tizimi joriy etilgan bo‘lib, 31 ta maktablarda tashkil qilingan 43 ta inklyuziv sinflarda 85 nafar bola tengqurlaridan kam bo‘lmagan holda taʼlim olmoqda. Bundan tashqari 6 ta “Mehribonlik uylari”, 3 ta SOS bolalar mahallalarida 650 nafar, 121 ta Oilaviy bolalar uylarida esa 770 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola tarbiyalanmoqda.