Bugun Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi ishchi guruh maktablarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlikning borishi bilan tanishish maqsadida Toshkent viloyatidagi taʼlim muassasalari sharoiti bilan tanishdi.
Xususan, ishchi guruh Investitsiya dasturi asosida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilayotgan taʼlim muassasalarida bo‘ldi. Dastlab, Yuqori Chirchiq tumanidagi 18-maktab filiali o‘rnida barpo etilayotgan 330 o‘rinli yangi maktab binosi hamda sport zalining qurilishi bilan tanishildi. Maktab qurilishini sifatli amalga oshirib, 1 avgustga qadar jihozlar bilan to‘liq taʼminlash topshirig‘i berildi.
Yangi o‘quv yilida 300 nafardan ortiq o‘quvchilarni o‘z bag‘riga oladigan ushbu maskan o‘quvchilarning uzog‘ini yaqin qiladi. Bolalar katta, serqatnov yo‘lni kesib o‘tmaydi, ular xavfsizligi taʼminlanadi. Shu bilan birga yaqin atrofdagi maktablarning navbatlilik koeffitsiyenti bartaraf etiladi.
So‘ngra O‘rta Chirchiq tumanidagi 43-maktabda olib borilayotgan qurilish jarayonlari bilan tanishildi. Tugallangan o‘quv yilida 220 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu maktabda 400 nafardan ortiq o‘quvchi 2 navbatda taʼlim olayotgan edi. Endilikda 240 o‘rinli yangi o‘quv binoning barpo etilishi va 220 o‘rinli binoning rekonstruksiya qilinishi hisobiga 460 o‘quvchi o‘rniga ega bo‘ladi. Natijada yangi o‘quv yilidan o‘quvchilar 1 navbatda taʼlim olish bilan birga darsdan keyin to‘garak mashg‘ulotlariga qatnashish imkoniga ega bo‘ladi.
Mazkur obyektda ham vazir pudratchi tashkilotga 15 iyulga qadar qurilish ishlarini to‘liq va sifatli yakunlash to‘g‘risida topshiriq berdi.
Har ikkala tumanda tuman hokimi bilan birga taʼlim muassasalarini yangi o‘quv yiliga o‘z vaqtida tayyorlash, bu borada mavjud muammolarni hal etishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Toshkent viloyatida Investitsiya doirasida 37 ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.