NAMANGANLIK OʻQUVCHINING IT LOYIHALARIGA XORIJIY MAMLAKATLAR QIZIQISH BILDIRMOQDA. U BUGUNGACHA QILGAN DAROMADIDAN OILASI UCHUN «JENTRA» OLIB BERGAN

16-iyun 2021-yil
image

Namangan shahridagi 2-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 9-sinf oʻquvchisi Umar Ulforiq Rustamovning 10 yoshidan buyon kompyuter va axborot texnologiyalariga qiziqishi baland. Qatʼiy ahd va maqsadga aylangan ana shu qiziqish yoʻlidagi izlanish va intilishlar natijasida 14 yoshidan dasturlar boʻyicha ishlash va saytlar yaratish bilan professional faoliyat sifatida shugʻullanib keladi. Veb saytlar ustida ishlash va dasturlar yaratish boʻyicha oʻquv markazlarida bilim va salohiyatini oshirgan Umar Ulforiq hozirga qadar yaratgan saytlar soni yigirmadan ortib ketdi.

U yaratayotgan loyihalar buyurtmachilari, asosan, Rossiya Federatsiyasida. Qolaversa, ayni paytga qadar Amerika Qoʻshma Shtatlaridan tushgan bitta, Janubiy Koreyadan tushgan 2 ta buyurtma boʻyicha saytni takomillashtirish va yangidan yaratib berishni samarali bajargan yosh dasturchiga yirik loyihalar boʻyicha ham hamkorlik takliflari boʻlib turadi.

Xususan, Rossiyadagi turistik agentlik buyurtmasiga koʻra u yaratgan muvaffaqiyatli loyiha uchun buyurtmachilar tomonidan 6700 AQSH dollari miqdorida haq toʻlangan.

Har bir saytni yaratish ustida hajmiga qarab 15 – 20 kundan, yirik loyihalar boʻyicha 2 – 3 oygacha ishlaymiz. Dasturlar, loyihalar, saytlarni yaratish va animatsiyalar boʻyicha Adobe XD, Premiere Pro kabi dasturlardan foydalanamiz. Dastlabki paytlarda oʻzim mustaqil oʻrgangan boʻlsam va saytlarni bir oʻzim yaratgan boʻlsam ayni paytda 6 kishilik jamoa bilan ish olib boryapmiz. Ularning barchasi 7-, 11-sinf oʻquvchilari, shuningdek onlayn qiziquvchilar ham loyihalarimizni yaratish borasida ishtirok etadilar va kuzatadilar.

— deydi IT loyihalar boʻyicha muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan Umar Ulforiq Rustamov

Oʻz oldiga ulkan niyat va maqsadlarni qoʻyib, istiqbol sari dadil qadam tashlayotgan yosh dasturchining bugungi faoliyati eʼtibor va eʼtirofga loyiq. Frilansing boʻyicha faoliyat yuritish barobarida startap loyihalar ustida ishlayotgan tengdoshingiz oyiga 500 – 600 AQSH dollari miqdorida daromad qilmoqda. Eʼtiborlisi, u ayni paytgacha qilgan oʻz daromadi hisobidan oilasi uchun «Jentra» avtomashinasi ham oldi.

U rus, turk, arab, ingliz tillarini mukammal biladi. “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” va “Startap tashabbuslar” tanlovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan Umar kelajakda oʻzining IT sohasida biznes faoliyatini yana-da rivojlantirib, yirik loyihalar, dasturlar boʻyicha ish olib borishni maqsad qilgan.

.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu