“SO‘NGGI QO‘NG‘IROQ” TADBIRLARI UCHUN TURLI XIL PUL YIG‘IMLARI QATʼIYAN TAʼQIQLANADI

17-may 2022-yil
image

Xalq taʼlimi vazirligi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi.

Joriy yilning 25 may kuni barcha umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida 2021-2022 o‘quv yili yakunlanib, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbirni tashkil etish bo‘yicha Xalq taʼlimi vazirligi tavsiyalar ishlab chiqib barcha maktablarga yubordi. Tadbirlar maktab hovlisi bog‘ida yoki soya salqin ochiq maydonlarida o‘tkaziladi. Maktab hududiga begona shaxslarning kiritilmasligi nazoratga olinadi.

Maktablarda mazkur tadbir soat 8:00 dan 8:45 ga qadar, tavsiya etilgan ssenariy asosida tashkil  etiladi. Unda yil davomida aʼlo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlanib, rag‘batlantiriladi.

Shu o‘rinda barchaga “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazishda, taʼlim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul yig‘imlari qatʼiyan taʼqiqlanganligini eslatib o‘tamiz.

Bundan tashqari, umumiy o‘rta taʼlim muassasalari rahbarlari hamda o‘qituvchilarga bitiruvchilar tomonidan turli qimmatbaho sovg‘alar taqdim etish, qo‘shimcha turli tantanali tadbirlarni (xonadonlar, restoran yoki qahvaxonalar va h.q.da banket yoki boshqa marosimlar) o‘tkazish va yengil avtomashinalarda sayr tashkil etishni oldini olishga alohida eʼtibor qaratish so‘raladi.

Maktablarning “Kuzatuv kengashi” aʼzolariga yuqorida keltirib o‘tilgan tavsiyalarga amal qilinishi ustidan nazorat olib boradi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu