“YILNING ENG YAXSHI O‘ZBEK TILI O‘QITUVCHISI” TANLOVINING RESPUBLIKA BOSQICHI O‘TKAZILMOQDA

12-oktabr 2021-yil
image

Joriy yilning 11-12-13-oktabr kunlari “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tadi. (https://t.me/uzedu/14140)

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ma’anaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi hamkorligida tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” tanlovining respublika bosqichiga start berildi.

O‘zbek tili fani o‘qituvchilari orasidan mahoratli va tashabbuskor, o‘z ustida ishlaydigan faol o‘qituvchilarni aniqlash, ularning taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va ish tajribasini ommalashtirish, o‘zbek tilining davlat tili sifatida o‘qitilishi bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy ishlanmalar ko‘lamini kengaytirish maqsadida respublika miqyosida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining “Ona tili” va “Oʻzbek tili” fani oʻqituvchilari oʻrtasida “Yilning eng yaxshi oʻzbek tili oʻqituvchisi” tanlovini o‘tkazish rejalashtirilgan edi.

2021-yil 20-iyuldan tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lganlarning arizalarini qabul qilish boshlandi va belgilangan muddatgacha 24670 nafar o‘qituvchi ro‘yxatdan o‘tdi. Tanlovning birinchi bosqichi tuman, shahar miqyosida 20 ta test topshirigʻidan o‘tish va “Oʻzbek tilini samarali oʻqitish metodikasi” mavzusida taqdimot qilish shartlari asosida o‘tkazildi. Tanlovning birinchi bosqichida ishtirok etgan o‘qituvchilarning 293 tasi keyingi bosqichda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Tanlovning ikkinchi bosqichi ham 2 ta shart asosida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar miqyosida oʻtkazildi. Ushbu bosqichda ham ishtirokchilar 20 ta test topshirig‘idan o‘tishdi va “Oʻzbek tilini samarali oʻqitish metodikasi” mavzusida taqdimot qilishdi. Ikkinchi bosqichda qatnashgan o‘qituvchilarning 14 nafari ona tili fanidan va 13 nafari o‘zbek tili fanidan respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

2021-yilning 11-oktabr kuni “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” tanlovi respublika bosqichining birinchi qismi boʻlib o‘tdi. Bu bosqichda ishtirokchilar “Ijodiy namunali shaxs obrazi” mavzusida konvertlarda tayyorlangan adabiy va erkin mavzulardan birini ixtiyoriy tanlab 50 ballik mezon asosida 2 (akademik) soat vaqt ichida esse yozdilar.

12-13-oktabr kunlari belgilangan dars jadvali asosida ishtirokchilardan 45 daqiqa dars mashgʻulotini oʻtish talab etiladi. Ishtirokchilarning dars mashgʻuloti oʻtish ketma-ketligi, dars mavzulari, mashgʻulot oʻtkaziladigan sinflarni (parallel) qurʼa tashlash yoʻli bilan aniqlanadi.

--

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu