Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurib shahar va tumanlardagi umumtaʼlim maktablaridagi mavjud holatni koʻzdan kechirdi.
Xususan, ishchi tashrifning birinchi kuni Termiz shahridagi 9-Ixtisoslashtirilgan maktab internati, 3-, 4-sonli umumtaʼlim maktablarida taʼlim olayotgan oʻquvchi yoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv jarayonida vazir oʻquvchilarga bugungi kunda taʼlim sohasida yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar haqida soʻzlab, oʻzining bilim va koʻnikmalari bilan oʻrtoqlashdi.
Shundan soʻng, maktablarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, soha mutaxassislariga kamchiliklar yuzasidan topshiriqlar berib oʻtdi. Shuningdek, Sherzod Shermatov maktablarning kutubxonalariga bir qancha darsliklar va badiiy kitoblar hamda oʻquvchilarga taʼlim-tarbiya berishda oʻzining beminnat hissasini qoʻshib kelayotgan oʻqituvchilarga sovgʻalar taqdim etdi.
Ikki kun davom etgan tashrifda vazir Termiz shahridagi 14-,15-,16- hamda 20-sonli umumtaʼlim maktablarida boʻlib, ularning informatika darsida ishtirok etdi. Oʻquvchilar dars jarayonini qanday oʻzlashtirayotganini kuzatib, oʻzining kompyuter sohasidagi bilim va koʻnikmalari bilan boʻlishdi.
Shuningdek, 20-sonli umumtaʼlim maktabidagi taʼmirtalab joylarni koʻrib chiqib, qayta taʼmirlash borasida mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Surxondaryo viloyati Xalq taʼlimi
boshqarmasi Matbuot xizmati