O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq fan olimpiadalari g‘oliblarini rag‘batlantirishning yangi tizimi joriy etildi.
Mazkur qarorga ko‘ra faqatgina quyidagi dunyoda tan olingan nufuzli fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
✅Xalqaro matematika olimpiadasi (International Mathematical Olympiad (IMO)),
✅Xalqaro fizika olimpiadasi (International Physics Olympiad (IPhO)),
✅Xalqaro kimyo olimpiadasi (International Chemistry Olympiad (IChO)),
✅Xalqaro biologiya olimpiadasi (International Biology Olympiad (IBO)),
✅Xalqaro informatika olimpiadasi (International Olympiad in Informatics (IOI))
1-o‘rin (oltin medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravar (135 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 450 baravar (121,5 mln. so‘m);
2-o‘rin (kumush medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (81 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 250 baravar (67,5 mln. so‘m);
3-o‘rin (bronza medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (54 mln. so‘m), o‘qituvchisiga –150 baravarida (40,5 mln. so‘m).
Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va taʼlim muassasasi direktorlari navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan quyidagicha qo‘shimcha ustama oladilar:
1-o‘rin (oltin medal) uchun – 200%;
2-o‘rin (kumush medal) uchun – 175%;
3-o‘rin (bronza medal) uchun – 150%.
Yuqoridagi nufuzli xalqaro olimpiadalarda medal bilan taqdirlangan o‘quvchilar Oliy taʼlim muassasalariga imtihonlarsiz imtiyozli ravishda qabul qilinadi.
Taʼlim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanadi.