Xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarning eng chekka hududlardagi maktablargacha yetib borishini taʼminlash, o‘qituvchilarning jamiyat rivoji, mamlakat taraqqiyoti va kelajak avlod oldidagi masʼuliyatini oshirish, maktablarda o‘quvchilarning sifatli taʼlim-tarbiya olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari Toshkent viloyatida bo‘lib turibdi.
Aytish joizki, viloyatda bugungi kunda taʼlim sohasini tubdan isloh qilish, davlatimiz rahbari tomonidan taʼlim taraqqiyoti yo‘lida qo‘yilayotgan vazifalarni oqilona bajarish hamda taʼlim sifatini oshirish borasida bir qator loyihalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Vazirlik mutasaddilari dastlab Yuqori Chirchiq tumanidagi 23-sonli maktabda bo‘lib, pedagog xodimlar va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganishdi. O‘qituvchi va maktabning yuqori sinf o‘quvchilari bilan suhbatlashishdi. Suhbat davomida ularning kasbga tayyorlash ko‘nikmalari bilan tanishishdi. Ularga zarur tavsiyalar berildi.
Shu o‘rinda vazir “O‘qituvchining salohiyati ular taʼlim berayotgan o‘quvchilarda yuzaga chiqadi. Pedagog jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi eng muhim shaxs hisoblanib, shunga yarasha harakat qilishi zarur”, deya taʼkidladi. Shu bilan birga ota-onalar masʼuliyatini oshirish orqali o‘quvchilarning taʼlimga, kasb-hunarga qiziqishini oshirish hamda oliy taʼlimga qamrovini kengaytirish borasida ham muxim ko‘rsatmalar berdi.
Tashrif davomida maktab uchun kitoblar jamlanmasi, hamda zaruriy texnikalarni taqdim qildi.
O‘rganish jarayoni O‘rta Chirchiq tumani “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 124-sonli ixtisoslashtirilgan yordamchi maktab-internat hamda “Mashʼal” MFYdagi 65-sonli umumtaʼlim maktablarida davom etdi.
Tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Xonto‘rayev, viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Kamolov hamda tuman xalq taʼlimi bo‘limi mudiri Arif Dadajonovlar vazirga hamrohlik qildi.
Dastavval tumandagi 124-sonli ixtisoslashtirilgan yordamchi maktab internatida o‘quvchilarning sifatli taʼlim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Shundan so‘ng, mutasaddilar 65-sonli umumtaʼlim maktabi tomon yo‘l oldilar. “Mashʼal” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan, 784 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur taʼlim muassasasi 1989 yilda qurilgan bo‘lib, hozirda 727 nafar o‘quvchilarni o‘zida jamlagan. Bu yerda turli xil fanlardan jami 50 nafar o‘qituvchi yosh avlodga bilim berib kelmoqda.
Vazir maktabning bitiruvchi 11-sinf o‘quvchilari bilan muloqotda bo‘lib, ularning bilimga bo‘lgan intilishlari, kelgusidagi sohani tanlash rejalari bilan qiziqdi.
Kim qaysi kasb egasi bo‘lishni istashi, nima uchun aynan mana shu yo‘nalishni tanlamoqchi ekani to‘g‘risida suhbat o‘tkazib, hozirgi globallashuv va keskin rivojlanish davrida zamon talabi ortib borayotgan sohalar yuzasidan fikrlar bildirdi.
Vazir o‘quvchilarning yana-da ko‘proq kitob mutolaa qilishlari, kitob o‘qish orqali har qanday yuksak marralarga erishish mumkinligini bildirib, ularga jahon adabiyoti durdonalaridan bo‘lgan turli xildagi badiiy va adabiy asarlar to‘plamlarini tuhfa qildi.
Vakillar sinf xonalarining taʼmirtalablik holatini, shuningdek, moddiy-texnik vositalarning yetarlilik darajasini o‘rganib chiqdilar. O‘qituvchilar bilan suhbat jarayoni tashkillashtirildi.
Ustozlar tomonidan bildirib o‘tilgan fikrlardan so‘ng, dars jarayonlarini yana-da qulaylashtirish va o‘quvchilarga tushunarlilik darajasini oshirish maqsadida maktabga televizor taqdim qildi.
Shuningdek, viloyat Xalq taʼlim boshqarmasi boshlig‘i Azamat Kamolovga belgilangan muddatlar ichida vazirlik qoshidagi taʼlim taʼminoti bo‘limi dasturiga kiritilgan tumandagi 20 ta maktab uchun 300 ta kompyuter jihozlarini yetkazilishini kuchli nazoratga olish topshirildi.