Bugun 6-sentyabr kuni Oʻzbekistondagi 10 083 ta umumtaʼlim maktabida anʼanaviy shaklda darslar boshlandi. Bu yil maktablarning 1-sinfiga 600 mingga yaqin bola qadam qoʻygan boʻlib, ularga 12 turdagi oʻquv qurollari, maktab sumkasi, darsliklar majmuasidan iborat Prezident sovgʻalari topshirildi.
Joriy yilda “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlari “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida tashkil etilgan boʻlib, unda maktablarning koʻzga koʻringan bitiruvchilari, tadbirkorlar hamda davlat idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.
“Bilimlar kuni” maktablarda “Mustaqillik dars”lari bilan boshlanib, unda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligi davrida erishgan yutuqlari haqida oʻquvchilarga soʻzlab beriladi.
Eslatib oʻtamiz, maʼlum sabablarga koʻra maktabga bora olmagan bolalar uchun parallel ravishda “Onlayn maktab” loyihasi doirasida MTRK telekanallari orqali ham uydan taʼlim olishga imkoniyat yaratildi.