TOSHKENT XALQARO TAʼLIM UNIVERSITETI VA UNIVERSITY OF PORTSMOUTH HAMKORLIK ALOQALARINI OʻRNATDI

29-iyul 2021-yil
image

Toshkent xalqaro taʼlim universiteti va University of Portsmouth Higher Education (Buyuk Britaniya) oliy taʼlim sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishni rejalashtirmoqdalar.

Joriy yilning 27-iyul kuni Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi koʻmagida Toshkent xalqaro taʼlim universiteti rektori Sarvar Babaxodjayev va University of Portsmouth Higher Education Corporation prorektori Kris Chang Anglashuv memorandumini imzoladilar. Hujjatni imzolash marosimi videokonferensiya formatida boʻlib oʻtdi.

photo2021-07-2821-57-39.jpg

Memorandum doirasida tomonlar hamkorlikda Pedagogika, jumladan STEAM yoʻnalishida oʻqituvchilarni tayyorlash, Axborot texnologiyalari, Biznes boshqaruviga oid qoʻshma taʼlim dasturlarini yaratish hamda oʻqituvchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini ishlab chiqishni kelishib oldilar.

University of Portsmouth kelajakda taʼlim muassasalari orasida talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyishga alohida qiziqish bildirdi. Taʼlim muassasalari professorlarning almashinuvini ham yoʻlga qoʻyishni rejalashtirganlar. Qoʻshma tadqiqotlar tashkil etish va tadqiqotlarga homiylik mablagʻlarini jalb qilish hamkorlikning yoʻnalishlaridan biri boʻladi. Universitetlar hamkorlikda turli seminarlar va konferensiyalar oʻtkazish hamda tajriba almashishni rejalashtirganlar.

photo2021-07-2821-57-46.jpg

Memorandumni imzolash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov, Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Said Rustamov, Xalq taʼlimi vaziri maslahatchisi Ulugʻbek Kasimxoʻjayev, Britaniya Kengashidan R.Everitt va J.Gulyamova, Toshkent xalqaro taʼlim universiteti va University of Portsmouth vakillari ishtirok etishdi.

Videokonferensiya doirasida ishtirokchilar Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasida taʼlim sohasida hamkorlik masalalari, Toshkent xalqaro taʼlim universiteti va University of Portsmouth oʻrtasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu