Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi Toʻxtamurod Jumayev
Mamlakatimizda xalq taʼlimi va oʻrta maxsus taʼlim tizimi rivojiga munosib hissa qoʻshgan mohir pedagog, fidoyi va tashkilotchi rahbar Toʻxtamurod Jumayev shu yil 14-iyul kuni 76 yoshida vafot etdi.
Bu inson 55 yillik sharafli pedagogik faoliyati davomida oʻz sohasi boʻyicha salmoqli yutuqlarga erishdi. 1967-yili Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ni tamomladi. Mehnat faoliyatini 1961-yilda maktabda yoshlar yetakchisi sifatida boshlab, bir qancha maktablarda oʻqituvchi, direktor oʻrinbosari, direktor vazifalarida sidqidildan mehnat qildi.
Ayniqsa, Qorakoʻl tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktab-internati hamda Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-son Qorakoʻl akademik litseyida rahbarlik qilgan yillarida juda koʻplab xayrli ishlarni amalga oshirdi.
Toʻxtamurod Jumayev taʼlim-tarbiya sohasini zamon talablari asosida rivojlantirish, chekka hududlarda yashayotgan iqtidorli yoshlarga zamonaviy taʼlim berishning “Qorakoʻl maktabi”ni yaratishga erishdi. Har yili litsey bitiruvchilarining 90-95 foizi turli oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga qabul qilinib, 3 ming 200 nafarga yaqin oʻquvchi respublikamiz va xorijdagi nufuzli oliy oʻquv yurtlarining talabasiga aylangani ham buning isbotidir.
Shu paytgacha uning 30 nafarga yaqin shogirdlari matematika fani boʻyicha xalqaro olimpiadalarda yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritib, yurtimizda Beruniy, al-Xorazmiy kabi buyuk allomalarning munosib avlodlari yetishib kelayotganini butun dunyoga yana bir bor namoyon qildi.
Ana shunday ulkan natijalari inobatga olinib, ushbu taʼlim maskani Xalqaro matematika maktabiga aylantirildi.
Toʻxtamurod Jumayev matematika fanini oʻqitishning ilgʻor usullarini amaliyotga joriy etish bilan birga, bu yoʻnalishda bir nechta oʻquv qoʻllanmalari ham yaratdi. Bunday izlanishlari uchun u 1999-yilda Oʻzbekiston matematiklar jamiyati aʼzoligiga qabul qilindi.
Butun hayotini yoshlarga maʼrifat ulashishga bagʻishlagan Toʻxtamurod Jumayev davlatimiz tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan ham mukofotlangan edi.
Mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Toʻxtamurod Jumayevning yorqin xotirasi oʻqituvchi va murabbiylar hamda shogirdlarining qalbida umrbod saqlanib qoladi.
A.Toshqulov,
Oʻzbekiston Respublikasi oliy
va oʻrta maxsus taʼlim vaziri
Sh.Shermatov,
Oʻzbekiston Respublikasi
xalq taʼlimi vaziri