Yashnobod tumanidagi 255-maktabda 1905 nafar oʻquvchi taʼlim olmoqda. Shulardan 913 nafarini qiz bolalarni tashkil etadi. Joriy yilda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan maktabga davlat dasturi doirasida 16 ta tikuv mashinasi hamda 2 ta overlok mashinasi taqdim etilgan. Maktab mazkur tikuv mashinalaridan unumli foydalanayotganini bugun Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi doirasida maktablarda amalga oshirilgan ishlarga bagʻishlab oʻtkazilgan press-turda guvohi boʻldik.
Taʼlim maskanida 5 tashabbus doirasida “Yosh tikuvchi” toʻgaragi tashkil etilgan boʻlib, toʻgarakda 7-sinfdan boshlab 30 nafar qizga “Ustoz-shogird” asosida tikish va bichish sirlari oʻrgatilmoqda. Bugun toʻgarakda choyshab hamda yostiq jildlari tikilib, qizlarga hunar oʻrgatish barobarida maktabga moddiy tomondan ham daromad ham keltirmoqda.
Toʻgarak ish boshlaganiga koʻp boʻlmaganiga qaramay maktab hisob-raqamiga 110 million soʻm daromad keltirgan. Ushbu mablagʻ toʻgarakda tikilayotgan choyshab hamda yostiq jildlarini sotuvga chiqarish orqali toʻplandi.
Toʻgarak rahbari Dilnoza Alimova bu mablagʻni yil davomida 1 milliardga yetkazishni rejalashtirmoqda:
— Dastlab toʻgarak ish faoliyati uchun maktab rahbari Dilora Joʻrayeva tomonidan mablagʻ ajratildi. Shundan soʻng barchamiz birgalashib, toʻgarak ish faoliyati uchun aniq rejalar belgilab oldik. Hozirda mavjud ikkita overlok mashinamiz ishlatilmayapti sababi hozir tikayotgan mahsulotimizga u ishlatilmaydi, shu sababli kelgusida chaqaloqlarga kiyimlar ishlab chiqarish orqali maktabdagi tikuvchilik toʻgaragida ushbu mahsulotni tikishni ham yoʻlga qoʻyishni rejalashtirdik.