O‘qituvchilar nimadan norozi?
Milliy o‘quv dasturiga ko‘ra, 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab, 1-6-sinflarda yagona “Tabiiy fanlar” (Science) fani joriy qilinishi belgilangan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 avgustdagi PQ 4805-sonli qarori (https://lex.uz/docs/4945470).
Yangi fan geografiya, biologiya, fizika, kimyo hamda astronomiya fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning dastlabki ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.
Endilikda bu fanlarga oid bilim va ko‘nikmalar o‘quvchilarda 1-sinfdan boshlab shakllantiriladi. Milliy o‘quv dasturi doirasida o‘quvchilarda “Tabiiy fanlar” fani orqali shakllanishi lozim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar har bir sinf kesimida belgilandi.
O‘quvchilar boshlang‘ich sinflarda yetarli ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishlari uchun, xalqaro tajribadan kelib chiqib, yangi fanga ajratilgan dars soatlarini boshlang‘ich sinflarda ko‘paytirishga ehtiyoj tug‘ildi. Shu munosabat bilan, 6-sinfda har biri haftalik 2 soatdan o‘tiladigan (jami 6 soatlik) geografiya, biologiya va fizika fanlari o‘rniga yagona, haftasiga 3 soatlik “Tabiiy fanlar” kiritildi.
O‘z navbatida, qolgan haftalik 3 soat “Tabiiy fanlar” doirasida 2-, 3-, 4-sinflarga o‘tkazildi. Yaʼni, bu sinflarga haftasiga 1 soatdan, jami 3 soat qo‘shib berildi.
Maktabda geografiya fanidan berilishi zarur bo‘lgan bilim hajmi va unga umumiy rejada ajratilgan soatlar hajmi qisqargani yo‘q.
Boshqa fanlar qatori geografiya faniga oid mavzular “Tabiiy fanlar”ga singdirilgan, umuman dasturda esa, geografiya faniga oid mavzular 291 ta mavzudan 387 ta mavzuga, yaʼni 96 ta mavzuga ko‘paygan.
Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy tarmoqlarda geografiya fani yo‘qolish xavfi ostidagi xulosalar, asossiz.
Jahon tajribasida qanday?
“Tabiiy fanlar” jahondagi aksariyat rivojlangan davlatlarda o‘qitiladi. Xususan, Buyuk Britaniya tajribasi o‘rganilganida, tabiiy fanlar 1-6-sinflarda integratsiya qilingan holda, yagona fan sifatida o‘qitiladi.
Tabiiy fanlarning quyi sinflarda qo‘shib o‘qitilishi o‘quvchiga olamni bir butun tasavvur qilish, fanlarga oid mavzular kesimida loyiha ishlarini amalga oshirib, tadqiqotchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, o‘quvchilarning faolligini oshirish, tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini yaxshilash, ularni ijodkorlikka yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Milliy o‘quv dasturi doirasida taʼlim mazmunida amalga oshirilayotgan bu kabi o‘zgarishlar iqtisodiyot sohalariga xalqaro andozalar asosida mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlashi bilan o‘quvchilar uchun manfaatlidir.
Yangi fan kiritilishi o‘qituvchilarga qanday imkoniyat yaratadi?
Milliy o‘quv dasturida aynan Geografiya fani haftalik 8 soat dars o‘tishlishi belgilangan. Shu o‘rinda alohida qayd etish lozimki, geografiya fani o‘qituvchilarida “Tabiiy fanlar” yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli qayta tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlagan taqdirda, 11 soat dars berish imkoniyati paydo bo‘ladi (natijada, amaldagi haftalik 10 soat o‘rniga, 11 soat berishlari mumkin).
Shu bilan birga, Vazirlik dasturni xalqaro talablar asosida zamonaviylashtirish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni inobatga olgan holda, o‘quvchilarda iqtisodiy bilimlarni yana-da oshirish maqsadida qo‘shimcha soat ajratish bo‘yicha imkoniyatlarni o‘rganmoqda.
Mazkur yo‘nalishda qo‘shimcha dars joriy qilinsa, bu ham geografiya o‘qituvchilari uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ladi.