Mirzaobod tumanida Ahmad al-Fargʻoniy nomidagi fizika faniga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabi ochildi.
Tantanali ochilish marosimida Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev, viloyat, tuman sektor rahbarlari, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Toʻrt qavatli oʻquv binodan iborat, 330 oʻringa moʻljallangan maktabda 23 ta oʻquv xonasi, 4 ta xorijiy tillar, AKT xonasi, kimyo, biologiya, fizika laboratoriya xonalari, ochiq sport maydoni hamda zamonaviy kutubxona mavjud.
Aytish joizki, bugungi kungacha Sardoba suv toshqinidan jabr koʻrgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi 15 ta maktab va 2 ta maktab filiali zamonaviy talablar asosida taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi.
Yangi barpo etilgan va mukammal taʼmirlangan maktablar bugungi zamon talabiga mos ravishda jihozlandi va oʻquv qurollari bilan taʼminlangan.