Bugun Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Hilola Umarova boshchiligida taʼlim tizimini integratsiya qilish va bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan masalalar ijrosiga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, mazkur vazirliklar masʼullari, hududiy boshqarmalar, tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Davlatimiz rahbarining kuni kecha eʼlon qilingan tegishli Farmoniga muvofiq, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri lavozimiga tayinlangan Eʼzoza Karimova jamoaga tanishtirildi.
Yigʻilishda taʼlim tizimini barcha boʻgʻinini oʻzaro integratsiya qilgan holda yangi sifat bosqichiga olib chiqish va uni samarali tashkil qilishga doir aniq vazifalar muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, maktabgacha taʼlim standartlari xalqaro meʼyor talablariga muvofiqlashtirilib, maktabgacha va boshlangʻich taʼlim oʻquv dasturlarining oʻzaro uzviyligi taʼminlanadi. Barcha tuman (shahar)larda “Ilk rivojlanish markazlari” faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 200 mingta qoʻshimcha oʻrin yaratiladi.
“Menejerlik oʻquv kurslari”da oʻqitiladigan nomzodlar qamrovi oshirilib, oʻqitish uslubi va yoʻnalishlari takomillashtirib boriladi.
Prezident, ixtisoslashtirilgan maktablarda qoʻllanilayotgan baholash tizimi barcha umumtaʼlim maktablariga bosqichma-bosqich joriy etib boriladi. Yangi oʻquv yilidan boshlab ushbu tizim uch mingta maktabda amaliyotga kiritilishi rejalashtirilgan.
Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi kengaytirilib, Abu Ali ibn Sino nomli ixtisoslashtirilgan maktabining 13 ta filiali joylarda bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
Qayd etilganidek, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda pedagog xodimlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi tubdan transformatsiya qilinmoqda. Yigʻilishda ushbu jarayonlarni yanada jadallashtirish boʻyicha kelgusi vazifalar belgilab olindi.
Maktabga qabul jarayonlarini raqamlashtirish va umumtaʼlim maktablariga pedagog kadrlarni maxsus platforma orqali tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi kengaytiriladi.
Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligi oshirilib, maktabdan tashqari taʼlim yoʻnalishlari ham oʻzaro transformatsiya qilinadi. “Turon” maktab teatri, “Iqtidor” maktab ansambli va “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovlari muntazam tashkil etib boriladi.
Yigʻilishda taʼlim sohasiga doir yaqin, oʻrta va uzoq istiqbolga moʻljallangan rejalar xususida ham maʼlumot berib oʻtildi. Unga koʻra, TOP-100 talikka kirgan xorijiy universitetlar bilan hamkorlik kuchaytirilib, xorijiy talabalar soni hozirgi 16 mingdan 160 ming nafarga, maktablarga jalb qilinayotgan xorijlik oʻqituvchilar sonini hozirgi 2 mingdan 10 ming nafarga yetkaziladi.
2025-yil yakuniga qadar oʻquvchilarning til bilish darajasi, tegishli sertifikatga ega xorijiy til oʻqituvchilar soni sezilarli oshiriladi.
Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyati transformatsiya qilinadi, Garvard universiteti bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi tashkil etiladi.
2026-yilga qadar 14 ta, 2030-yilga qadar 208 ta “Kelajak avlod” namunaviy bogʻchalar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, sohadagi xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, ular uchun hudud va taʼlim sifatiga asoslangan differensial imtiyozlar joriy etish boʻyicha ishlar davom ettiriladi.
“Bogʻchadan — oliygohgacha” yagona milliy gʻoya tizimi yaratilib, 2025-2030-yillar uchun maktabgacha, maktab va oliy taʼlimda yagona yondashuv konsepsiyasi ishlab chiqiladi hamda amaliyotga joriy etiladi.
Joriy yilda oliy taʼlim muassasalari ilmiy salohiyati 55 foizga yetkazilib, 4250 nafar professor-oʻqituvchi xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.
Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan nufuzli xorijiy oliygohlar va taʼlim tashkilotlariga oʻqish va stajirovkaga yuboriladigan yoshlar hamda davlat xizmatchilari soni va sifati oshiriladi.
Yigʻilish doirasida Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi zimmasiga yuklatilgan oʻrta maxsus, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tashkilotlarida tashqi baholashni amalga oshirishga doir qator muhim vazifalar muhokama qilindi.