Avgust oyi davomida anʼanaviy toʻrtinchi “Ustozlar milliy forumi” oʻtkaziladi

28-iyul 2025-yil
image

Bugun Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Hilola Umarova boshchiligida toʻrtinchi “Ustozlar milliy forumi”, “Eng yaxshi xorijiy til oʻrgatadigan maktab” koʻrik-tanlovini oʻtkazish, “Ilk rivojlanish markazlari” hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish, darsliklarni joylarga yetkazib berish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari, hududiy boshqarmalar, tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, joriy yilning 7-8-avgust kunlari “Mahoratli oʻqituvchi – millat tayanchi” shiori ostida anʼanaviy toʻrtinchi “Ustozlar milliy forumi” oʻtkazilishi belgilangan. Forumning respublika bosqichida 210 nafar ilgʻor oʻqituvchi va tarbiyachi ishtirok etadi hamda avgust oyida Forum doirasidagi tadbirlar hududlar, tuman (shahar)lar hamda taʼlim tashkilotlarida kaskad usulida tashkil etiladi.

Masʼullarga mazkur tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish hamda boshqa tashkiliy masalalar boʻyicha zarur topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda avgust oyida oʻtkaziladigan “Eng yaxshi xorijiy til oʻrgatadigan maktab” koʻrik-tanlovining respublika bosqichini tashkil etishga doir muhim masalalar muhokama qilindi.

Tanlovning birinchi bosqichi joriy yilning mart oyida, ikkinchi bosqichi aprel oyida oʻtkazilgan boʻlib, respublika (final) bosqichi 4-8-avgust kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadi. Yigʻilishda tanlov tadbirlarini har tomonlama puxta tashkil etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Xabar qilinganidek, Hukumatning tegishli qarori bilan joriy yilda mamlakatimizning turli hududlarida 50 ta, 2026–2028-yillar davomida barcha hududlarda “Ilk rivojlanish markazlari” bosqichma-bosqich tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Muhokamalar davomida mazkur markazlar faoliyatini tashkil etish ishlarini izchil olib borish, markazlar binosini zarur texnik vositalar bilan taʼminlash boʻyicha navbatdagi vazifalar koʻrib chiqildi.

Yigʻilishda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-yanvardagi tegishli qarori bilan joriy yildan boshlab davlat bogʻchalarida autsorsing usulida sogʻlom ovqatlashtirishni tashkil etish masalalari masʼullar ishtirokida muhokama qilindi.

Ayni vaqtga qadar Andijon, Fargʻona, Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Xorazm, Surxondaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi qator davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda autsorsing usulida sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etadigan korxonalar oʻrtasida shartnoma tuzilib, zarur mablagʻlar moliyalashtirib berilgan.

Masʼullar oldiga boshqa hududlardagi davlat bogʻchalarida ham bu borada olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish hamda sifatli tashkil etish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Tadbirda yangi oʻquv yiliga qadar darsliklarning joylarga yetkazib berish va qayta taqsimlash ishlari ham atroflicha muhokama qilindi.

Masʼullarga joriy yilgi maktab darsliklarining buyurtma maʼlumotlarini “Raqamli kutubxona” elektron tizimiga toʻliq kiritish hamda darsliklarni hududlar oʻrtasida qayta taqsimot qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu