Byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanishda shaffoflikni taʼminlash uchun vazirlikda “Situatsion markaz” tashkil etildi

11-mart 2025-yil
image

Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida davlat byudjetidan samarali va maqsadli foydalanish, maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yanada rivojlantirish, taʼlim maskanlarida “Turon” maktab teatri respublika tanlovi hamda Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazish masalalariga bagʻishlangan “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari, hududiy boshqarmalar, tizim tashkilotlari, Pedagogik mahorat markazlari rahbarlari ishtirok etdi.

Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtar ekan, ayni vaqtda hamkor tashkilotlar bilan birga davlat byudjetidan samarali va maqsadli foydalanish boʻyicha qator ishlar olib borilayotganligini taʼkidlab oʻtdi.

Qayd etilganidek, bu borada inson omilini keskin kamaytirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash uchun vazirlikda “Situatsion markaz” faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, ushbu tizim Hisob palatasining “Masofaviy audit” va Iqtisodiyot va moliya vazirligining Axborot texnologiyalari markazi (IVS) tomonidan ishlab chiqilgan “Monitoring portali” axborot tizimiga integratsiya qilindi.

Hozirga qadar “Situatsion markaz” tomonidan oʻrganilgan moliyaviy xato va kamchiliklarni bartaraf etish hamda davlat byudjetiga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha tegishli tashkilotlar bilan birgalikda zarur ishlar olib borilmoqda.

Yigʻilishda byudjet mablagʻlarini toʻgʻri rejalashtirish va maqbullashtirish, byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish uchun qattiq nazorat oʻrnatish boʻyicha vazirlik hamda hududiy boshqarmalar masʼullariga zarur topshiriqlar berildi.

Aytilganidek, oʻtgan hafta 38 mingdan ortiq davlat va nodavlat bogʻchalar rahbarlari bilan oʻtkazilgan muloqot davomida bogʻchalardagi pedagoglar salohiyati, taʼlim-tarbiya sifati boʻyicha amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar muhokama qilingan edi.

Vazir ushbu masalaga ham atroflicha toʻxtalib, joylarda maktabgacha taʼlim muassasalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazish hamda ularning soha rivojiga doir takliflarini umumlashtirgan hoda oʻrganib chiqish boʻyicha masʼullarga oʻz koʻrsatmalarini berdi.

Yigʻilishda qayd etilganidek, oʻtgan yili “Turon” maktab teatri respublika tanlovida 12 mingdan ortiq jamoa (101 384 nafar oʻquvchi) ishtirok etgan boʻlsa, joriy yilda 45 mingdan ortiq jamoa (362 304 nafar oʻquvchi) qatnashmoqda.

Shu bois soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida tanlov Nizomiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Unga koʻra, joriy yilgi tanlov sinovlarida 8 nafar 6-11 sinf oʻquvchilari (13-17 yosh) bir jamoa sifatida ishtirok etmoqda. Ayni vaqtda tanlovning hududiy bosqichlari boshlandi hamda 29-martga qadar davom etadi.

Mutasaddi xodimlarga hamda hududiy masʼullarga tanlov jarayonlarining tashkiliy ishlarini nazorat qilish hamda ishtirokchilarga barcha sharoitlarni yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Tadbirda bogʻcha va maktablarda Navroʻz umumxalq bayramini keng nishonlash maqsadida milliy urf odat va qadriyatlarga mos tadbirlar oʻtkazish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida oʻquvchi-yoshlar ishtirokida “Mahallamga nihol ekaman!” aksiyasi tashkil etish boʻyicha muhim ishlar belgilab olindi.

Oʻquvchilar ishtirokida milliy xalq oʻyinlari, maktablar oʻrtasida sport musobaqalari, madaniyat, sanʼat hamda kitobxonlik tanlovlari milliy urf-odat va anʼanalar, folklor qoʻshiqlar hamda xalq oʻyinlari asosida tashkil etishga alohida eʼtibor beriladi.

Yigʻilishda joriy yil oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan PISA 2025 tadqiqotiga texnik tayyorgarlik ishlari ham atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu