Ta’limni yanada rivojlantirisihga doir xalqaro loyihalar muhokama qilindi

23-yanvar 2025-yil
image

Bugun poytaxtimizda joylashgan “Hilton” mehmonxonasida “Taʼlimda transformatsiya: yorqin kelajak uchun global hamkorlik” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) Bosh kotibining taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisi Andreas Shlaxer (onlayn), xalqaro tashkilot (UNICEF, UNESCO, UNDP, ICESCO, Jahon banki)lar va Fransiyaning Oʻzbekistondagi  elchixonasi vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan eʼlon qilingan “24-yanvar — Xalqaro taʼlim kuni” munosabati bilan Oʻzbekistonda tashkil etilayotgan mazkur tadbir xalqaro tashkilotlar bilan taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun platforma boʻlib xizmat qiladi.

Shuningdek, xorijiy davlatlar va tashkilotlar bilan taʼlimga doir oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, bugungi kun talablariga javob beradigan va barqaror kelajakni taʼminlovchi taʼlim tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha yangi gʻoyalarni ishlab chiqishga qaratilgan.

Tadbirda taʼkidlanganidek, oʻtgan vaqt davomida Oʻzbekistonda maktabgacha va maktab taʼlimini rivojlantirish borasida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan qator xalqaro tashkilotlar bilan keng hamkorlik ishlari olib borildi.

Xususan, 2024-yilda maktabgacha va maktab taʼlimini rivojlantirishga qaratilgan 20 dan ortiq muhim xalqaro hujjatlar imzolandi va buning nattijasida aloqalar yanada kengaytirildi, mavjud hamkorlik aloqalari mustahkamlandi.

Xalqaro tashkilotlarining malaka oshirish markazlari hamda oliygohlarida oʻzbekistonlik oʻqituvchilar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi, xalqaro tanlovlarda mamlakatimiz oʻquvchi va oʻqituvchilari faol ishtirok etdi.

Janubiy Koreya, AQSH, Ozarbayjon, Hindiston, Italiya, Fransiya va boshqa davlatlar tomonidan texnik koʻmak yuklari, kompyuter oʻquv qurilmalari, oziq-ovqat mahsulotlari, sport anjomlari, inklyuziv taʼlim uskunalari va kitoblar grant tariqasida qabul qilib olindi. Innovatsion taʼlim usullarini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.

Janubiy Koreya Respublikasi Taʼlim vazirligi bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik kelishuvlari asosida malaka oshirish dasturlariga keng yoʻl ochib berildi. Shu bilan birga ushbu davlatning texnik koʻmak yuklari, kompyuter oʻquv qurilmalari grant tariqasida jalb qilindi.

1 200 nafardan ortiq tizim xodimlari va oʻqituvchilar (550 nafardan ortiq malaka oshirish dasturlari boʻyicha) ishtirokida Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Gruziya, Germaniya, Koreya, Moldova, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Rossiya, Singapur, Turkiya, Fransiya, Ummon davlatlariga xorijiy xizmat safarlari amalga oshirildi.

50 dan ortiq xalqaro darajadagi nufuzli forum, simpozium, anjuman, davra suhbati, maʼruza hamda seminarlar oʻtkazildi. Unda 500 nafardan ortiq xorijiy mamlakatlar vakillari ishtirok etdi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimida umumiy qiymati 25,2 mln. AQSH dollariga teng xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi. Joriy yilda bu koʻrsatkich 33,6 mln AQSH dollariga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda vazirlik tizimida xalqaro tashkilotlar ishtirokida 30 dan ortiq grant loyihalari amalga oshirilayotgan boʻlib, joriy yilda kamida 100 mln AQSH dollariga teng grant mablagʻlari jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlari asosan maktab va bogʻchalarni zamonaviy AKT uskunalari bilan taʼminlash, pedagog mutaxassislarning malakasini oshirish, maktablarda STEM labaratoriyalarini joriy etish, maktabdan tashqari taʼlim tizimini rivojlantirish kabi yoʻnalishlarga jalb etib kelinmoqda.

“Bolani erta rivojlantirish” loyihasi doirasida Jahon banki bilan hamkorlikda Namangan va Samarqand viloyatlarida 3 ta model boʻyicha “Ilk rivojlanish markazlari” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda "Mittivoy" (Malыsh) loyihasi doirasida 500 nafar maktabga tayyorlov guruhi tarbiyachilari uchun 72 soatlik malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Mehribonlik (“Mercy corps”) xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining “Taʼlim uchun oziq-ovqat va bolalar ovqatlanishi” dasturi doirasida Oʻzbekistonga gumanitar oziq-ovqat (50 tonna kungaboqar yogʻi, 20 tonna sariq yarim noʻxat, 120 tonna boyitilgan un va 110 tonna gurunch mahsulotlari) importi taʼminlanib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi bogʻchalarga yetkazib berildi.

Shuningdek ushbu xalqaro dastur doirasida “Aqlvoy oshpaz” bolalar bogʻchalari uchun retseptlar toʻplami kitobi qoraqalpoq tiliga oʻgirildi va 147 nusxada chop etilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi bogʻchalarga yetkazib berildi. 5 ta qoʻllanmadan iborat “Salomatlik alifbosi” taʼlim dasturi oʻzbek, qoraqalpoq va rus tillarga tarjima qilindi.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan “Oʻzbekiston professional taʼlim tizimida islohotlar va zamonaviylashtirish jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida Nukus va Urganch shaharlari hamda Samarqand tumanidagi tegishli maktablarga 30 dona tikuv mashinasi yetkazib borildi. Bugungi kunda 5 ta hudud — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahridan 3 tadan, jami 15 ta maktabda loyiha doirasida hamkorlik ishlari olib borilmoqda.

Gyote institutining Oʻzbekistondagi filiali bilan hamkorlikda “Nemis tili bilan kasbga yoʻnaltirish” loyihasi doirasida respublikamizdagi tanlab olingan 11 ta maktabda seminarlar tashkil etildi.

UNICEF xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda Namangan va Xorazm viloyatlarida maktabgacha taʼlimning muqobil shakli boʻlgan 20 ta “Turli xil yoshdagi maktabgacha taʼlim guruhlari” (oʻyin guruhlari) tashkil etilib, ularga 496 nafar bola qamrab olindi.

Oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish maqsadida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Tatariston Respublikasi Alabuga “EIZ”,  Gyote institutining Oʻzbekistondagi filialidan jami 98 ming AQSH dollari miqdorida xalqaro grandlar jalb etildi.  

Umumtaʼlim maktablarida xorijiy tillarni rivojlantirish maqsadida ushbu turdagi maktablarga xorijiy davlatlardan 500 nafar chet tili fani oʻqituvchilari jalb etildi va hozirgi vaqtda ushbu mutaxassislar ishlagan maktab oʻquvchilarining til bilish darajasi 5 foizdan 15 foizga oshdi.

142 nafar pedagog xorijiy davlatlarga (Fransiya, Xitoy, Turkiya, Belorusiya va Rossiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya) malaka oshirish va stajirovkaga yuborildi.

Singapurning “Marshall Cavendish Education” tashkiloti bilan hamkorlikda “Muvaffaqiyatli islohotlar — yuqori natijalar” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etilib, unda taʼlimga oid xalqaro tashkilot (UNICEF, UNESCO, OTB, BMTTD, Jahon banki)lar vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekistonlik oʻquvchilar xalqaro olimpiadalarda jami 128 ta (15 ta oltin, 36 ta kumush va 77 ta bronza) medal qoʻlga kiritdi.

Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovi oʻtkazilib, gʻolib va sovrindor boʻlgan 70 nafar oʻquvchi va 14 nafar oʻqituvchi Buyuk Britaniya va Germaniya davlatlariga taʼlim sayohatiga yuborildi.

Maktablarda faoliyat yuritayotgan hamda V2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega xorijiy til oʻqituvchilar soni 29 ming nafardan ortiq, til bilish sertifikatiga ega maktab oʻquvchilari soni 37 ming nafardan oshdi.

Ikkinchi xorijiy til (nemis, fransuz, koreys, xitoy, yapon va ingliz tili) oʻqitiladigan maktablar soni 354 taga yetkazildi. Har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy oʻrta taʼlim muassasasida oʻquvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga oʻrgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilmoqda.

Inklyuziv taʼlimni yanada rivojlantirish, uni keng joriy etib borish borasida xalqaro tashkilotlar hamda Buyuk Britaniya, Yaponiya, Finlyandiya kabi rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Misol uchun, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan birgalikda 24 nafar mentor tayyorlanib, inklyuziv taʼlim joriy etilgan maktablarning 285 nafar boshlangʻich sinf va maxsus pedagoglari, psixologlari, rahbarlari uchun oʻquv seminarlari hamda treninglar oʻtkazildi.

UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Toshkent shahridagi 298-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi jahon standartlari asosida taʼmirlanib jihozlandi.

AQSHning USAID tashkiloti tomonidan inklyuziv taʼlimni qoʻllab-quvvatlash va amaliyotini kuchaytirishga qaratilgan “Barcha bolalar muvaffaqiyatli” loyihasi Namangan va Sirdaryodagi 1000 ta maktabda boshlanib, ushbu hududlarda 10 ta model maktab hamda bogʻcha tanlab olinishi va namunaviy boʻlishi uchun koʻmaklashishi rejalashtirilgan.

Prezident maktablari SAT xalqaro sertifikati imtihonlarini oʻtkazadigan rasmiy markaz sifatida tan olindi. Ushbu maktablar bitiruvchilarining 81 foizi xalqaro matematika va ingliz tilini bilish darajasini baholovchi (SAT) sertifikatlariga ega boʻldi.

“Yangi Oʻzbekiston” universitetida mintaqamiz oliy taʼlim sohasini rivojlantirishdagi dolzarb masalalarga qaratilgan Markaziy Osiyo universitetlar forumi oʻtkazildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu