Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari Odil Abdurahmonov, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova, Rossiya Federatsiyasi Maorif vaziri Sergey Kravsov boshchiligidagi delagatsiya vakillari, pedagog va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, A. I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filiali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-son qarori asosida tashkil etilgan.
Hozirda ushbu filialda 1100 nafar bakalavr va magistratura talabalari tahsil olmoqda. Filial maktabgacha taʼlim; psixologiya va ijtimoiy pedagogika (bolalar psixologiyasi), surdopedagogika (eshitish qobiliyati past bolalarning boshlangʻich taʼlimi); tiflopedagogika (koʻrish qobiliyati past bolalarning boshlangʻich taʼlimi); oligofrenopedagogika (intellektual yetishmovchiligi boʻlgan bolalarning taʼlimi); inson psixologiyasi va ijtimoiy oʻzaro taʼsir; rus tilini chet tili sifatida oʻqitish nazariyasi va metodikasi va madaniyatlararo aloqa, boshlangʻich taʼlim, filologik taʼlim (rus tili) yoʻnalishlarida faoliyat olib boradi.
Filialda A. I. Gersen nomidagi RDPU professor-oʻqituvchilari hamda Oʻzbekiston tomonidan tanlov asosida tanlab olingan, universitetda ishlab chiqilgan ish dasturlari hamda universitet negizida tajribasi oshirilgan pedagog kadrlar tomonidan dars oʻtiladi.
2023-2024-oʻquv yilida filialga A. I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining 146 nafar oʻqituvchisi yuborildi hamda fanlarning 65% dan ortigʻi shu professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻtildi.
Filialda taʼlim va oʻquv-tadqiqot faoliyatidan tashqari, Rossiya Federatsiyasining taʼlim standartlariga muvofiq kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi Oʻzbekistonning boʻlajak pedagoglarini barkamol maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashga qaratilgan keng qamrovli taʼlim faoliyati oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-465-sonli qaroriga muvofiq, 2023-yil may oyida universitet filiali uchun Oʻzbekiston Respublikasi mablagʻlari hisobidan kampus qurilishi boshlandi.
Unga koʻra 2 ta oʻquv binosi, 395 oʻrinli yotoqxona binosi, sport va AKT zallari, 2 ta maʼmuriy bino qurildi. 2023-yil oxirida birinchi oʻquv korpusi foydalanishga topshirildi. Joriy yilning sentyabr oyida maʼmuriyat binosi, sport va majlislar zallari foydalanishga topshirildi. 2024-yil sentabr oyidan boshlab barcha oʻquv jarayoni filial hududida oʻtkazib kelinmoqda.
2024-yil sentabr oyida filial negizida defektolog mutaxassislar uchun qoʻshimcha taʼlim dasturlarini amalga oshirish maqsadida Korreksiya pedagogikasi markazi va maktabgacha taʼlim boʻyicha mutaxassislarni amaliy tayyorlash maqsadida Bolalik markazi ochildi.
2025-yil fevral oyida rus tili boʻyicha kurslar, malaka oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini oʻtkazish uchun Rus tilini oʻrganish markazi ochish rejalashtirilgan.
Tadbir doirasida universitet filialining yangi kampusi, oʻquv xonalari, korreksion pedagogikasi markazi, maktabgacha taʼlim va psixologiya laboratoriyalari boʻylab ekskursiya tadbiri, shuningdek, oʻzbek va rus olimlarining oʻquv jarayonida foydalangan kitoblar koʻrgazmasi tashkil etildi.
Tantanali tadbirda ushbu oliy oʻquv yurti, filial talabalari va pedagoglariga yoʻllangan tabrik oʻqib eshittirildi. Shuningdek, "Bahor" va bolalar raqs ansambli tomonidan oʻzbek va rus milliy raqslari namoyish etildi.
Maʼlumot uchun: A. I. Gersen nomidagi Rossiya Davlat Pedagogika universiteti 1797-yilda tashkil etilgan boʻlib, Rossiyadagi eng qadimgi va eng yirik pedagogik universitetlardan biridir. Universitet Sankt-Peterburgda joylashgan boʻlib, taʼlim, psixologiya, Defektologiya va boshqa koʻplab pedagogik fanlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlashda muhim rol oʻynaydi.
Universitet Rossiyada birinchilardan boʻlib talabalar uchun taʼlim imkoniyatlarini kengaytirishga imkon beradigan koʻp bosqichli oliy taʼlim tizimini joriy etdi. Bugungi kunda universitetda 30 dan ortiq ilmiy maktablar, shuningdek pedagog va tadqiqotchilar uchun turli xil malaka oshirish dasturlari mavjud.
Tadbir doirasida Rossiya Federatsiyasi Maorif vaziri Sergey Kravsov jamoasi va ushbu dargoh oʻqituvchilari oʻrtasida muloqot oʻtkazildi. Unda pedagoglarning sohaga doir fikrlari, takliflari tinglandi.