Maktabga tayyorlov guruhlari va boshlangʻich taʼlim oʻquv dasturlari oʻzaro muvofiqlashtiriladi

2-oktabr 2024-yil
image

Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida “vazirlik – malaka oshirish markazi – maktab va bogʻcha” vertikal tizimini yaratish, “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarini bosqichma-bosqich joriy etish, iqtidorli oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash, maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini oshirish borasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari ijrosi masalalariga bagʻishlangan “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari hamda hududiy boshqarmalar boshliqlari ishtirok etdi.

Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtar ekan, kuni kecha Davlatimiz rahbarining pedagoglar bilan ochiq muloqot tarzida oʻtkazgan uchrashuvida belgilangan muhim masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtdi. Xususan, endilikda pedagoglar malakasini oshirishning “vazirlik – malaka oshirish markazi – maktab va bogʻcha” vertikal tizimini yoʻlga qoʻyilishi, Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutining har bir hududiy  markaz direktorlariga bir nafardan chet ellik ekspert maslahatchi sifatida biriktirilishini aytib oʻtdi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-son qaroriga asosan “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.

Ushbu tadbirlarni sifatli amalga oshirish uchun joriy yilning 9-10-oktabr kunlari 87 920 nafar fan oʻqituvchi “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari doirasida oʻqitiladi. Hududlardagi barcha masʼullar uchun ushbu tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha oʻquv seminarlar tashkil etildi.

Vazir oʻz soʻzi davomida mazkur masalaga masʼuliyatsizlik bilan qarayotgan hududlardagi mavjud muammolarga atroflicha toʻxtalib oʻtdi hamda ularni tez fursatda bartaraf etish boʻyicha hududiy masʼullarga zarur koʻrsatmalar berdi.

Yigʻilishda pedagoglarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan keyingi masalalar haqida ham soʻz bordi. Aytilganidek, keyingi yildan boshlab xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish yoʻlga qoʻyiladi. Sinovlarda 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglar qoʻshimcha 70 foiz ustama oladi.

Qayd etilganidek, Davlatimiz rahbari tomonidan iqtidorli oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha imzolanga qaror asosida vazirlik tizimida Oʻquvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlash markazi tashkil etiladi.

Ahamiyatlisi, endilikda xalqaro olimpiada terma jamoa rahbarlari xalqaro olimpiadalarda erishilgan har bir oltin, kumush, bronza medallari uchun tegishlicha BHMning 35, 25, 15 baravari miqdorida ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Olimpiadalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar va ularning oʻqituvchilari uchun beriladigan pul mukofotlari daromad soligʻidan ozod qilinadi.

Shuningdek, “Turon” teatrining ijobiy tajribasi asosida maktablarda “Iqtidor” havaskorlar badiiy jamoalari tashkil qilinadi, maktab oʻquvchilari oʻrtasida turli mavzularda insholar, yozma ishlar tanlovlari muntazam oʻtkazib boriladi.

Yigʻilishda Davlatimiz rahbari tomonidan maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini yanada oshirish boʻyicha imzolangan Farmonda belgilangan vazifalarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Mazkur Farmonga koʻra, maktabgacha taʼlimning davlat taʼlim dasturi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi hamda maktabga tayyorlov guruhlari va boshlangʻich taʼlim oʻquv dasturlari oʻzaro uzviyligi va muvofiqligi taʼminlanadi.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining tarbiyachi-metodist lavozimi negizida direktori oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi hamda ularga lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qoʻshimcha har oylik ustama haq toʻlanadi.

Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu