Joriy yilning iyun-iyul oylari “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi

14-iyun 2024-yil
image

Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova boshchiligida  davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari metodist va tarbiyachilari o‘rtasidagi “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy ko‘rik-tanlovini o‘tkazish, O‘zbekistonning PISA 2025 tadqiqotida ishtirokini tashkil etish jarayonlari hamda ijro intizomi masalalariga bag‘ishlangan “Vazir soati” bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir o‘rinbosarlari, vazirlik mas’ullari hamda hududiy boshqarmalar boshliqlari ishtirok etdi.
Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga o‘tishdan oldin joriy yilning aprel-may oylarida bo‘lib o‘tgan vazirlik tizimidagi pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlariga to‘xtalib o‘tdi. 
Qayd etilganidek, ushbu sinovlarda 189 858 nafar o‘qituvchi ishtirok etdi hamda ularning 33 035 nafari yoki 17,4 foizi majburiy, 156 823 nafari yoki 82,6 foizi navbatdan tashqari attestatsiyalarda qatnashdi. Jarayonlarni shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlashda vazirlik va uning tizimidagi barcha tashkilotlar vakillari o‘z vakolatlari doirasida tizimli ish olib borishdi.
Yig‘ilishda muhim masalalardan biri sifatida, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali metodist va tarbiyachilar o‘rtasida o‘tkazilishi belgilangan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy ko‘rik-tanlovini tashkil etish jarayonlariga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Aytilganidek, mazkur tanlovning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘rta-maxsus ma’lumotli tarbiyachilar oliy ta’lim muassasalarining “Maktabgacha ta’lim” yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga kirish imtiyozini qo‘lga kiritishadi.
Tanlov joriy yilning 24 iyunidan 26 iyuliga qadar 6 ta nominatsiyada, tuman (shahar), viloyat va Respublika bosqichlari shaklida o‘tkaziladi. Shu boisdan tanlov jarayonlarini sifatli va shaffof tashkil etish, hakamlar hay’ati tarkibiga ko‘p yillik tajribaga ega, malakali pedagoglardan tanlab olish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi. 
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, yurtimiz hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti o‘rtasida O‘zbekistonning PISA 2025 tadqiqotida ishtiroki to‘g‘risida kelishuv shartnomasi imzolangan. 
Shuningdek, ushbu yo‘nalish bo‘yicha Singapur ta’lim tashkiloti bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Hozirda tashkilot ekspertlari yurtimizdagi maktab direktorlariga trening mashg‘ulotlari o‘tmoqda. 
Tizim mas’ullariga 2025 yil aprel-may oylarida o‘tkaziladigan tadqiqotning asosiy sinov jarayonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, sinov materiallarini xalqaro talablar asosida tayyorlash bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. 
Tadbir so‘nggida vazirlik mas’ullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu