“Teatr – ibratxonadir” shiori ostida oʻtkazilgan teatr festivali yakunlandi

27-mart 2024-yil
image

Joriy yilning 25-27-mart kunlari Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar oʻquvchilaridan iborat teatr jamoalari ishtirokida oʻtkazilgan teatr festivali nihoyasiga yetdi.

Oʻtgan vaqt davomida ishtirokchi jamoalar tomonidan poytaxtimizdagi Muqimiy va Yosh tomoshabinlar teatrlarida dolzarb mavzularni oʻz ichiga olgan koʻplab spektakllar namoyish etildi.

Ayniqsa, “Bobur sogʻinchi”, “Bebaho xazina”, “Oʻzbekiston buyuk daholar yurti”, “Bebaho yoshlik”, “Tanho qayiq”, “Ibrat hayoti”, “Jaholat toʻgʻrisida rivoyat”, “Jaloliddin Manguberdi” spektakllari tomoshabinlar olqishiga sazavor boʻldi.

Bugun Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatrida “Teatr – ibratxonadir” shiori ostida oʻtkazilgan mazkur festival ishtirokchilarini taqdirlash hamda uning yopilish marosimi tashkil etildi.

Katta sanʼat bayramiga aylanib ketgan tadbirda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova, vazirlik hamda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi masʼullari, teatr aktyorlari, pedagoglar va oʻqituvchilar ishtirok etdi.

Vazir oʻz soʻzida soʻnggi yillarda sanʼat va madaniyat sohasida yosh iqtidorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganligini aytib oʻtdi. Oʻtkazilayotgan mazkur teatr festivali ham ushbu tashabbusning mantigʻiy davomi sifatida katta ahamiyatga egadir.

Qayd etilganidek, festival doirasida “Turon” oʻquvchilar teatr jamoalari tomonilan 20 dan ortiq spektakl, badiiy-musiqiy kompozitsiyalar namoyish etildi.

Tadbirda teatr festivali ishtirokchi jamoalari hamda 8 ta nominatsiya boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan maktab oʻquvchilariga vazirlikning maxsus sertifikat va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Festivalning Hakamlar hayʼati xulosasiga koʻra:

“Dolzarb mavzuning sahnaviy talqini uchun” nominatsiyasi boʻyicha — Ibroyim Yusupov ijod maktabi teatr jamoasi (“Tanho qayiq” spektakli uchun)

“Milliy anʼana va qadriyatlarni tarannum etgani uchun” nominatsiyasi boʻyicha — Buxoro Prezident maktabi jamoasi (“Oʻzbekiston buyuk daholar yurti” spektakli uchun)

“Eng yaxshi erkak roli uchun” nominatsiyasi boʻyicha — Termiz Prezident maktabi teatr jamoasi (“Bebaho yoshlik” spektaklidagi obraz uchun)

“Eng yaxshi ayol roli uchun” nominatsiyasi boʻyicha — Fargʻona Prezident maktabi jamoasi (“Turkiston bolalari” spektaklidagi obraz uchun)

“Eng yaxshi spektakl” nominatsiyasi boʻyicha — Abdulla Oripov maktabi jamoasi (“Ilmdan oʻzga najot yoʻq” spektakli uchun)

“Eng yaxshi rejissyorlik ishi” nominatsiyasi boʻyicha — Navoiy Prezident maktabi teatr jamoasi (“Zamonning singan oynasi yoki oʻzimizning Qirol Lir” spektakli uchun)

“Eng yaxshi teatr jamoasi rahbari” nominatsiyasi boʻyicha — Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabi teatr jamoasi (“Sharq ayoli” badiiy musiqiy kompozitsiyasi uchun)

“Eng faol teatr jamoasi” nominatsiyasi boʻyicha — Abdulla Qodiriy ijod maktabi teatr jamoasi (“Jadid bobolarim”, III renessans allomalari) gʻolib, deb topildi.

Tadbir soʻnggida taniqli teatr aktyorlari va ishtirokchilar festivalning oʻquvchilar hayotidagi oʻrni va  ahamiyati haqidagi oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu