Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova kuni kecha Farg‘ona viloyati So‘x tumanidagi qator ta’lim muassasalaridagi mavjud shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Hududdagi eng chekka - Hushyor qishlog‘ida joylashgan 13-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mas’ullari va tarbiyachilari bilan uchrashuvda tizimdagi mavjud muammolarni bartaraf etish, soha pedagoglari malakasini oshirish bo‘yicha qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, mahalliy aholi farzandlarini imkon qadar maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olish, maktab tayyorlov guruhlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha mas’ullar va tarbiyachilarning takliflari tinglandi.
Vazir Hilola Umarova bog‘cha xodimlari bilan o‘tkazilgan muloqot davomida ta’lim maskani binosini qayta ta’mirlash, qayta jihozlash bo‘yicha bildirgan takliflarni qo‘llab-quvvatladi.
Vazirlik va hudud mas’ullari, tuman hokimligi vakillariga ushbu masalani ijobiy hal etish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.
Shundan so‘ng Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan madaniy-ma’rifiy bayram dasturi tashkil etildi. Unda bolajonlar tomonidan turli sahna ko‘rinishlari va kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Ma’lumot uchun: mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotida 180 nafar bolalar ta’lim-tarbiya olmoqda.