“Yangi O‘zbekiston” universitetiga press-tur tashkil etildi

26-yanvar 2024-yil
image

“Yangi O‘zbekiston” universiteti davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida tashkil etilgan oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, unda eng ilg‘or yoshlarga jahon standartlari asosida ta’lim berish maqsad qilingan.

Universitet tashkil etilganiga 3 yil bo‘lib, 2023/2024 o‘quv yilidan talabalarga ko‘proq qulaylik va imkoniyatlar yaratish maqsadida yangi o‘quv binosida faoliyatini davom ettirmoqda.

Mazkur o‘quv binosi quvvati jami 1200 talaba uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda hozirgi vaqtda 700 ga yaqin talaba tahsil olmoqda. O‘quv binosida 2000 ga yaqin eng talab yuqori hamda ommabop ilmiy va badiiy kitoblardan iborat kutubxona faoliyat yuritmoqda. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, kutubxona hozirda haftaning dushanba-shanba kunlari oralig‘ida kechki soat 23:00ga qadar xizmat korsatmoqda. Talabalar elektron kitoblar bazasidan foydalanishi uchun kutubxona eng so‘nggi zamonaviy kompyuterlar va iPadlar bilan ham jihozlangan.

Shuningdek, talabalarning IT bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish maqsadida Apple hamda Huawei kompaniyalarining rasmiy markazlari tashkil etilgan. Mazkur markazlarda talabalarga Apple kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariluvchi qurilmalarga dasturlar yaratish uchun swift dasturlash tili hamda huawei akademiyasida android va boshqa operatsion tizimlarda ishlovchi qurilmalarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shimcha kurslar tashkil etilgan. Har bir markazda tashkil etilgan kursni muvaffaqiyatli tugatgan talabalarga kompaniyalarning rasmiy sertifikati taqdim etiladi. Bu esa ularning ishga joylashish jarayonida kasbiy jihatdan ustunlik beradi.

Shuningdek, o‘quv binosida iMac kompyuterlari bilan ta’minlangan amaliyot xonalari, eng so‘nggi asbob-uskunalar bilan jihozlangan kimyo va fizika laboratoriya xonalari, oshxona hamda interaktiv dars xonalari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirda universitetda Kimyo va materialshunoslik muhandisligi, Mexanika muhandisligi, Dasturiy ta’minot muhandisligi, Kiber xavfsizlik, Sun’iy intellekt va robototexnika, Amaliy matematika, Iqtisodiyot va ma’lumotlar tahlili, Pedagogika va Sanoat boshqaruvi kabi 9 ta ta’lim yo‘nalishining bakalavriat bosqichiga o‘qishga arizalar qabul qilinmoqda.

Xorijlik professor-o‘qituvchilarni jalb qilgan holda, asosiy maqsadi talabalarga sifatli ta’lim berish bo‘lgan ushbu universitetda darslar to‘liq ingliz tilida olib boriladi. Shunga ko‘ra imtihon savollari ham ingliz tilida bo‘lishi belgilangan.

Qabul shartlariga ko‘ra o‘qishga ariza topshiruvchi talabgorlardan ingliz tilini eng kamida B2 darajada bilishni tasdiqlovchi sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi. Bunda talabgorlar minimum IELTS 5.5, CEFR B2 va TOEFL iBT 46 kabi natijalarga ega bo‘lishi kerak.

Barcha ta’lim yo‘nalishlarida talabgorlardan matematika va mantiqiy fikrlash bo‘yicha imtihon olinadi.

Agar talabgorlarda SAT, International Baccalaureate Diploma, GCSE, GCE O-Level, GCE A-Level/AS-Level, IGCSE kabi matematikani bilish darajasini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat bo‘lsa, talabgorning xohishiga ko‘ra imtihondan ozod etiladi va kirish imtihonidan xalqaro sertifikatda ko‘rsatilgan natijasiga muvofiq maksimal ballgacha taqdim etiladi.

Qabul imtihonlarida yuqori natija qayd etgan talabgorlarga turli miqdordagi bir yillik grantlar ajratiladi. Jumladan, har qanday ta’lim yo‘nalishiga eng yuqori natija asosida o‘qishga qabul qilingan top 10% talabalarga 100% grant, ketma-ketlik tarzida keyingi 10% ni tashkil qiluvchi talabalarga 70% grant va undan keying 15% talabalarga 50% grant ajratiladi.

Shuningdek, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Mirzo Ulug’bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab va Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi kabi ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari o‘quvchilaridan eng yuqori ball asosida o‘qishga qabul qilingan 5% talabgorlar, xalqaro olimpiada g‘oliblari, ijtimoiy himoya yagona reestriga kirgan oila a’zolari va prezident maktabi bitiruvchilari 4 yillik 100% grant asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Universitetda Germaniyaning Mitvayda amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda magistratura bosqichining Sanoat boshqaruvi – innovatsiya va biznesni rivojlantirish yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturi (double degree) tashkil qilindi. Dastur bo‘yicha tahsil olish davomiyligi 2 yilni tashkil qilib, 4 semestrdan iborat bo‘ladi.

Unga ko‘ra talabalar:

– 1-semestr “Yangi O‘zbekiston” universitetida iqtisodiyot / muhandislik asoslari bo‘yicha o‘qitiladi;

– 2-semestr Germaniya universitetida innovatsiya va biznesni kengaytirish chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitiladi;

– 3-semestrda Germaniya yoki O‘zbekistondagi korxonada tadqiqot loyihasini (amaliyot) o‘taydi;

– 4-semestrda ikkala universitetda magistrlik dissertatsiyasini himoya qiladi.

Mitvayda amaliy fanlar universitetining Sanoat boshqaruvi – innovatsiya va biznesni rivojlantirish ta’lim dasturi Nemis akkreditatsiya kengashi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lib, to‘liq Yevropa ta’lim standartlariga javob beradi.

Ushbu magistratura bosqichiga o‘qishga ariza topshirmoqchi bo‘lgan talabgorlardan ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat (minimum IELTS 6 yoki TOEFL 79 ball) talab etiladi. Bundan tashqari talabgorlar bilan intervyu tarzida savol-javob ham tashkil etiladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu