Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufidagi “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasining Buxoro, Namangan va Samarqand viloyatlarida tashkil etiladigan filiallariga malakali pedagoglar ishga taklif qilinadi.
Bunda viloyatlardagi ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlarining gematologiya va onkologiya bo‘limlarida davolanayotgan bolalarga maktabgacha ta’lim va tarbiya hamda umumiy o‘rta ta’lim berish uchun quyidagi mutaxassislik yo‘nalishlari talab etiladi:
Umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish uchun pedagog xodim (ona tili va adabiyot, matematika hamda boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari);
Psixolog;
Tarbiyachi;
Tarbiyachi yordamchisi.
Nomzodlarga quyidagi talablar qo‘yiladi:
pedagog xodim lavozimiga:
oliy (pedagogik) ma’lumotli, dars berayotgan fani bo‘yicha kamida ikkinchi toifali, 3 yillik pedagogik ish stajiga ega, statsionar sharoitda uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan, rus va o‘zbek tillarini biladigan pedagoglar;
psixolog lavozimiga:
oliy ma’lumotli, bolalar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega, kamida 3 yil psixolog faoliyati bilan shug‘ullangan, rus va o‘zbek tillarini biladigan mutaxassislar;
tarbiyachi lavozimiga:
maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy pedagogik ma’lumotli, kamida 3 yillik pedagogik ish stajiga ega, statsionar sharoitda uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan mutaxassislar;
tarbiyachi yordamchisi lavozimiga:
o‘rta ma’lumot va maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalash ishlari xususiyatlari bo‘yicha maxsus tayyorgarlikka ega, kamida 3 yillik stajga ega xodimlar.
Tanlovda ishtirok etish istagidagi nomzodlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining mehrli.maktab@xtv.uz elektron pochta manziliga 2024-yilning 15-fevraliga qadar (shu kun ham) quyidagi hujjatlarni elektron shaklda taqdim etishlari lozim:
ma’lumotnoma-obyektivka (telefon raqam);
pasport (ID-karta);
oliy o‘quv yurtini tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplom nusxalari.
Yuqoridagi malaka talablariga mos kelgan nomzodlar orasidan munosiblari suhbat asosida ishga qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun: belgilangan qonunchilik talablariga ko‘ra, “Mehrli maktab” pedagog xodimlariga mehnatning alohida sharoitlari uchun 100 foizlik ustama beriladi va qo‘shimcha moddiy rag‘batlantiriladi.