Dunyodagi eng yirik biznes taʼlimi alyansi Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonovni 2021-yilning eng nufuzli yetakchilari sifatida eʼtirof etdi.
Xalqaro AACSB (Association to Advance Collegiate Schools of Business, AACSB – Universitet biznes maktablarini rivojlantirish assotsiatsiyasi)da akkreditatsiyadan oʻtgan biznes maktablarining taniqli bitiruvchilari har yil eʼtirof etilib, keyingi avlodlar uchun ilhomlantiruvchi namuna boʻlib xizmat qiladi.
“Ayni vaqtda Rustam Karimjonov Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritmoqda. U Oʻzbekistondagi maktab taʼlimini isloh qilish, rivojlantirish va boshqarish bilan shugʻullanib kelmoqda. U maktab oʻquvchilari uchun zamonaviy axborot texnologiyalari, innovatsiyalar va kasb-hunar taʼlimi tizimlarini joriy etish va muvofiqlashtirish boʻyicha rahbarlik qiladi”, — deyiladi alyans xabarida.
“Biz Rustam Karimjonov singari biznes-maktab bitiruvchilarining saʼy-harakatlaridan gʻururlanamiz. SolBridge dunyoni oʻzgartirishga tayyor boʻlgan rahbarlarni rivojlantirmoqda va AACSB ham Rustam Karimjonovni jamiyatdagi ijobiy taʼsirini eʼtirof etadi", — deydi AACSB Prezidenti va bosh direktori Karin L. Bek-Dadli.
Olti yildan beri oʻtkazib kelinayotgan reytingning nufuzli rahbarlari orasida biznes va jamiyatda sezilarli taʼsir koʻrsatgan 250 nafar biznes maktab bitiruvchilari mavjud. Barcha faxriy bitiruvchilar butun dunyo boʻylab 870 dan ortiq AACSB tomonidan akkreditatsiyadan oʻtgan biznes maktablarida bakalavr, magistr yoki doktorlik darajasiga ega.
1916-yilda tashkil etilgan AACSB dunyodagi eng yirik biznes-taʼlim birlashmasi boʻlib, oʻqituvchilar, oʻquvchilar va biznesdagi ulkan yetakchilarning keyingi avlodini yaratish maqsadida birlashtiradi. 100 dan ortiq mamlakatlar va mintaqalarda AACSB oʻzaro aloqalarni rivojlantirib, innovatsiyalarni tezlashtiradi va biznes taʼlimi taʼsirini kuchaytiradi.
“Innovatsiyalarda yetakchilik, tanqidiy va tizimli fikrlash, oʻzgarishlar va qiyinchiliklarga ochiqlik, ijobiy taʼsir koʻrsatish kabi koʻnikmalarni men SolBridgeʻda oʻrganganman va bu endi mening asosiy hayotiy tamoyillarim. Men SolBridgeda oʻzim oʻrganganimdek yoshlarni innovatsiyalarga yoʻnaltiradigan, texnologiyaning yutuqlaridan yaxshiroq hayot kechirishga va oʻz jamiyatlari uchun ijobiy taʼsir koʻrsatadigan tizimli va strategik islohotlarni ishlab chiqishga hamda amalga oshirishga harakat qilaman”, — deydi Rustam Karimjonov.
.