Xalq taʼlimi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Taʼlim muassasalarida pensiya yoshida boʻlgan pedagog kadrlarning malaka toifalari va lavozimlari saqlab qolinishi, shuningdek, ularning malaka toifalari va lavozimlariga mos ravishda oylik ish haqi toʻlovlarini amalga oshirilishi boʻyicha yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklarga aniqlik kiritish maqsadida barcha hududiy boshqarmalarga koʻrsatma berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-son qarori (kuchga kirish sanasi 2019-yil 14-may) bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 7-bandida attestatsiya sertifikati muddati tugamagan pensiya yoshida boʻlgan pedagog kadrlarning mavjud malaka toifalari va lavozimlari taʼlim muassasalarida ishlagan davrida saqlanib qolinishi belgilangan.
Shuningdek, mazkur Nizomning 79-bandiga koʻra pedagog kadrlarning bazaviy tarif stavkalari miqdori, ularning malaka toifasi yoki lavozimi sertifikat asosida belgilanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, ushbu Qaror kuchga kirgan sanada, yaʼni 2019-yil 14-may sanasida, attestatsiya sertifikati muddati tugamagan pensiya yoshida boʻlgan pedagog kadrlarning mavjud malaka toifalari saqlanib qolinadi (agar pensiya yoshida boʻlgan pedagog kadrlar keyinchalik attestatsiyaga oʻz xohishiga koʻra jalb etilib, malaka toifasi oʻzgarmagan boʻlsa) hamda malaka toifasiga mos ravishda ish haqi toʻlovlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, mazkur Qaror kuchga kirgan vaqtgacha, yaʼni 2019-yil 14-may sanasigacha, malaka toifa sertifikati amal qilish muddati tugagan pensiya yoshida boʻlgan pedagog kadrlar attestatsiyaga oxirgi malaka toifasi boʻyicha jalb etiladi hamda mazkur Nizomning 80-bandiga asosan attestatsiyadan oʻtgunga qadar ularga mutaxassis, oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli oʻqituvchi lavozimi boʻyicha haq toʻlanadi.
.